2019-yil 30-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan brifingda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Alisher Abdullayev ayni shu qarorning mazmun-mohiyati va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi.
Hujjat asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi. Endilikda energiya tejamkor, arzon va sifatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilishiga yanada katta ahamiyat qaratiladi. Shu bilan birga, ishlar izchilligini taʼminlash uchun 2019-2020-yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. 2019-2021-yillarda elektrotexnika sanoatida 71ta loyiha amalga oshirilishi va mazkur loyihalar uchun 558,9 million dollar sarflanishi koʻzda tutilgan.
Qarorga muvofiq, joriy yilning 1-iyulidan boshlab elektrotexnika korxonalari uchun bir qator imtiyozlar beriladi. Xususan, elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qoʻllanilishi, byudjet hisobidan quriladigan obyektlar uchun respublikada ishlab chiqariladigan elektrotexnika mahsulotlari sotib olinishi, elektrotexnika korxonalarining eksport boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik hosil boʻlishini hisoblashning muddati 180 kun, elektrotexnika korxonalarining oʻz ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari boʻyicha toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi.
Taʼkidlanganidek, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar 2022-yil 1-yanvarga qadar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha oʻzlarining ishlab chiqarish ehtiyoji uchun xorijdan olib kelinadigan (mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan) xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar boʻyicha bojxona bojlarini toʻlashdan ozod etiladi. Shuningdek, 2019-2021-yillarda mahalliylashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar roʻyxati ham tasdiqlangan. 2020-2030-yillarda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi ham rejalashtirilgan.
– Xorij davlatlari kompaniyalari uchun Oʻzbekiston bozori yangi imkoniyatdir, – dedi Xitoydagi “Hainergy” kompaniyasi loyiha menejeri Siangfey Vang xonim. – Kompaniyamiz kompyuter texnologiyalari, elektron kutubxonalarni rivojlantirishga koʻmaklashadi, raqamli televideniye va unga ishlatiladigan uskunalarni yetkazib beradi. Bundan tashqari, u quyosh panellarini ishlab chiqarish va quyosh panellari elektr stansiyalarini qurish bilan ham shugʻullanadi.