O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda Qozog‘iston yili: Ikki tomonlama munosabatlarda yangi tashabbuslar

2019-06-13 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboev 2017 yilda oliy darajadagi muloqotlar yakuni bo‘yicha 2018 yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili va 2019 yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olgan edi.

2018 yil Qozog‘istonda o‘tkazilgan O‘zbekiston yilida mamlakatlarimizning siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha qator tadbirlar tashkillashtirildi. O‘zbekistonda keng nishonlanayotgan Qozog‘iston yili doirasida ham mazkur yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
 
Ikki davlat rahbarlari joriy yil aprel oyida O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan marosimda ishtirok etarkan, mazkur yirik tadbir xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, azaliy do‘stlikni ulug‘lashdek mushtarak maqsadlarga erishishda muhim o‘rin tutishini qayd etdilar.
 
Ushbu fikr va do‘stlik rishtalari samaralariga bo‘lgan yuksak ishonch O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida ham o‘z aksini topmoqda.
 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi o‘rtasida 2018 yilda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolangandi.
 
O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida ikki mamlakat oliy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro muloqot va uchrashuvlar, turli darajadagi tashriflarni faollashtirish ko‘zda tutilgan.
 
– Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiya 5-7 iyun kunlari tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi Qodir Jo‘raev. – Prezident Shavkat Mirziyoev delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, qonun chiqaruvchi organlar qo‘mitalari darajasida ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligini qayd etdi. Ushbu takliflar O‘zbekistonda nishonlanayotgan Qozog‘iston yili doirasida hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
 
Ikki davlat o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida O‘zbekistonga kelgan qozog‘istonlik sayyohlar soni 2018 yilda 2 milliondan ortdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili mamlakatimizga kelgan jami turistlarning salkam 30 foizini tashkil etadi.
 
O‘zbekistonda Qozog‘iston yili munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qozog‘iston Respublikasi Turizm sanoati qo‘mitasi va “Kazakh Tourism” milliy kompaniyasi bilan faol hamkorlikni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki mamlakat turizm kompaniyalarining O‘zbekiston va Qozog‘istonda o‘tkaziladigan turistik yarmarkalar va tadbirlarda ishtiroki ta’minlanmoqda.
 
Xususan, joriy yilning fevral oyida Buxoro shahrida o‘tgan Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forumda Qozog‘istonning turizm sohasida faoliyat yuritadigan qator rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
 
Shu yil poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turistik ko‘rgazmasida ham qozog‘istonlik vakillar ishtiroki kutilmoqda. Joriy yilning ikkinchi yarmida esa O‘zbekiston – Qozog‘iston turistik forumini tashkil etish rejalashtirilgan – barcha sa’y-harakatlar xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuvni mustahkamlash va ikki mamlakat turizm salohiyatini birgalikda ilgari surishga qaratilgan.
 
Yaqin istiqbolda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi“ bilan “Kazakh Tourism” milliy kompaniyasi o‘rtasida imzolanadigan hamkorlikka doir hujjat bu boradagi maqsadlar sari yana bir qadam bo‘ladi.
 
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, turizm, transport va logistika sohalarida kooperatsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda. Qisqa vaqtda o‘zaro savdo hajmi yuqori sur’atlarda o‘sib, 2017 yilda 2 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 50 foizga o‘sdi. 2019 yilda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada kengaytirish va o‘zaro tovar ayriboshlash hajmini 5 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Bunda O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida tashkil etilayotgan qo‘shma biznes-forumlar, B2B shaklidagi muzokaralar, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqib, amalga oshirish alohida o‘rin tutadi.
 
O‘tgan yili Chimkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Qozog‘iston birinchi hududlararo forumida qiymati 320 million AQSh dollaridan ziyod shartnomalar imzolangan, hududlar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha 15 ta kelishuvga erishilgan edi.
 
O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida shu yil to‘rtinchi choragida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Qozog‘iston ikkinchi hududlararo forumi mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish kabi manfaatli kelishuvlarga boy bo‘lishi shubhasiz.
 
Toshkent, Samarqand, Qarshi, Buxoro, Nukus shaharlarida 10-21 may kunlari “Qozog‘iston ta’limi kunlari” ko‘rgazmasining tashkil etilgani ta’lim sohasidagi aloqalar faollashib borayotganidan darak.
 
Mamlakatimizda Qozog‘iston yili doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qo‘shni davlatning 42 ta oliy o‘quv yurti delegatsiyalari ishtirok etdi. Ko‘rgazmalarda qo‘shni davlat universitet va institutlaridagi kunduzgi, sirtqi va masofaviy ta’lim tizimi haqida taqdimotlar tashkil etildi.
 
Shuningdek, bugungi kunda malakali kadrlar tayyorlashdagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida oliy ta’lim tizimida tajriba almashishlar amalga oshirib kelinmoqda. Toshkent farmasevtika va Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti kabi qator oliy ta’lim muassasalarida Qozog‘istonning yetakchi universitetlari professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘quv seminarlar tashkil etilgani shular jumlasidan.
 
O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining keng nishonlanayotgani mamlakatlarimizning strategik sheriklik munosabatlarini yanada taraqqiy ettirish, yangi tashabbuslarni ilgari surish, xalqlarimiz birdamligini mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashdek mushtarak maqsadlarga erishishga qaratilgan muhim voqelikdir.

Поделиться