O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fargʻonada Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan zavod barpo etiladi
2019-06-12 | Iqtisodiyot
Fargʻonaga Xitoyning “BNBM coltd” kompaniyasi raisi janob Vang Bing tashrif buyurdi. Xorijlik hamkor viloyat hokimligining Fargʻona tumanidagi qabullar uyida kutib olindi.
Qayd etib oʻtilganidek, joriy yilning 27-29-may kuni viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida ham bir qator kelishuvlarga erishilgan edi. Yaqin kelajakda Fargʻonada samarali loyihalarni amalga oshirish, “Bir makon – bir yoʻl” tashabbusi doirasida manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, viloyatga Xitoy investitsiyasi va zamonaviy texnologiyalarini jalb etish haqida taʼkidlab oʻtildi.
Tajribali investor va tadbirkor viloyat rahbariga oʻz takliflari va maqsadli loyihalari haqida atroflicha maʼlumot berdi. Shundan kelib chiqib aynan Xitoy investitsiyasi orqali Furqat tumanida qurilish materiallari hamda gipsokarton ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi zavod qurilishi va undan kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Joriy yildan boshlab qurilishi kutilayotgan mazkur zavod oʻz salohiyati bilan Markaziy Osiyoda yagona va yirik korxona boʻlishini, qolaversa, uning mahsulotlari Rossiya Federatsiyasi, yaqin xorijdagi qoʻshnilarimiz Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikalariga eksport qilinishini qoʻshimcha qildi.
Ushbu zavodning istiqboldagi vazifalari muhokama qilindi.
Rasmiy uchrashuvdagi samimiy muloqot manfaatli kelishuvlarga asos boʻldi. Muhokama etilgan masalalar boʻyicha memorandum imzolandi.
Manba: «Xalq So'zi»