Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Investorlar uyushmasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Uyushma ustaviga koʻra, uning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda investitsiyaviy muhitni yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliy va xorijiy investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
respublikaga chet el investitsiyalarni jalb etishda, shuningdek mahalliy tadbirkorlik subyektlariga xorijiy kompaniyalar bilan amaliy aloqalarni oʻrnatishda va tashqi hamkorlarni topishda koʻmaklashish;
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirilishida, davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari, shu jumladan tarmoq va hududiy investitsiya dasturlarining ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishida ishtirok etish;
investitsiya faoliyatiga, shu jumladan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan muammolarni doimiy asosda oʻrganish.
Uyushmani raisi etib Buyuk Britaniyaning Sheffild universiteti bitiruvchisi M.Muhitdinov saylandi. Hozirgi kungacha u Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Investitsiyalarni jalb etish boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.
Manba: O'zA