O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon chempionatida eng yaxshi natijani qayd etgan ogʻir atletikachilarimiz munosib kutib olindi
2019-06-11 | Sport
1-8-iyun kunlari Fiji davlatining Suva shahrida ogʻir atletika boʻyicha yoshlar oʻrtasida jahon chempionatida oʻzbekistonlik sportchilar eng yaxshi natijani qayd etishdi.
Jahon birinchiligida dunyoning 47 ta davlatidan tashrif buyurgan 248 nafar sportchilar 16 vazn toifasida 64 ta medal jamgʻarmasi uchun bahs olib borishdi.
Ushbu nufuzli musobaqada ikki nafar sportchi bilan ishtirok etgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi jami 6 ta oltin medalni qoʻlga kiritib, erkaklar oʻrtasida umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi.
Ushbu musobaqada ishtirok etgan sportchilarimiz yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytib keldi. Fijidan yorugʻ yuz bilan qaytgan vakillarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Qosimov va Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov sportchilarimizni gʻalabalar bilan qutlashar ekan, ulardan kelgusidagi nufuzli musobaqalarda ham shu kabi zafarli yurishlar kutilayotganini maʼlum qilishdi.
Eslatib oʻtamiz, jahon chempionatida dastlab -67 kg vazn toifasida ishtirok etgan Adhamjon Ergashev jami 314 kg (141 kg + 173 kg) natija koʻrsatib, 3 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan edi. Eʼtiborli jihati yosh atletimiz oʻzining eng yaqin taʼqibchisini 7 kilogrammga ortda qoldirdi. (Yengil vaznlarda bunday farq yetarlicha katta ustunlik sanaladi)
Jamoamizga navbatdagi 3 ta oltinni esa - 109 kg vazn toifasida oʻtkazilgan bahslarda ishtirok etgan Akbar Joʻrayev taqdim etdi. Jami 398 kg (182 kg + 216 kg) natija qayd etgan yosh atletimiz ikkinchi oʻrinni egallagan sportchidan jami 14 kg ga yaxshi natija koʻrsatdi va ishonchli gʻalaba qozongan edi.
Eng muhimi yosh atletlarimizTokio Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun qimmatli reyting ochkolarini jamgʻarishga muvaffaq boʻlishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi