O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘zlagan nutqi
2019-06-11 | Turizm
TIV faoliyati o‘tgan davr mobaynida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aks ettirilgan vazifalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ko‘rsatma va topshiriqlarini bajarishga qaratildi.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari,
Hurmatli brifing ishtirokchilari,
Sizlar bilan yana bir bor ko‘rishib turganimdan juda ham mamnunman.
Bunday tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib borilayotgani quvonarli holdir.
Bugungi kunda nafaqat bizning mintaqamiz, balki butun dunyodagi vaziyat keskin ravishda o‘zgarib borayotgan bir paytda jamoatchilikni Tashqi ishlar vazirligi faoliyati to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish nuqtai nazaridan bu kabi tadbirlar juda muhim va foydalidir.
O‘tgan besh oy mobaynida mamlakatimizning siyosiy hayoti turli siyosiy, iqtisodiy va madaniy tadbirlarga juda boy bo‘ldi.
Shu munosabat bilan bugun men sizlarga qisqacha ravishda o‘tgan davr mobaynida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan asosiy tadbirlar bo‘yicha ma’lumot bermoqchiman. Agar olib borilgan faoliyat to‘g‘risida batafsil gapiradigan bo‘lsak, bu sizlarni ancha vaqtingizni olib qo‘yishi mumkin.
Ayni paytda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Vaqtni tejash maqsadida nutqimni uch qismga bo‘lmoqchiman.
I. Sizlarga oliy darajadagi tashriflar to‘g‘risida ma’lumot bermoqchiman.
Yil boshidan buyon Prezident Sh.M.Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga 4 ta tashrifi amalga oshirildi, O‘zbekistonga esa 4 ta chet el davlatlar rahbarlarining tashrifi bo‘lib o‘tdi.
- joriy yilning 18-20-yanvar kunlari Prezident Sh.M.Mirziyoyev Hindistonga tashrif buyurib, Bosh vazir Narendra Modi taklifiga binoan «Jo‘shqin Gujarat-2019» IX xalqaro investitsion sammitida ishtirok etdi.
Shuni ta’kidlash joizki, «Jo‘shqin Gujarat – 2019» sammitida ishtirok etgan xorijiy davlatlardan 80 dan ziyod yuqori martabali vakillar hamda to‘rtta bosh vazirlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Hindiston hukumati raisining bosh mehmoni sifatida qabul qilindi.
Hindistonning Osiyo qit’asida yetakchi davlatlardan biri ekanligi hisobga olgan holda, hind hukumatining bunday iltifoti jahon hamjamiyati tomonidan N.Modining O‘zbekiston rahbariga hamda uning olib borayotgan ichki va tashqi siyosatiga yuksak hurmat sifatida baholandi.
Sammit doirasida aniq va muhim iqtisodiy natijalarga erishildi.
O‘zbekiston Prezidenti savdo-iqtisodiy, innovatsion, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga oid beshta muhim tashabbusni ilgari surdi.
Bundan tashqari, 108,6 mln. dollarlik 7 ta investitsion bitim imzolandi va qiymati 72,8 mln. dollarlik 8 ta eksport shartnomalari tuzildi.
- 2019-yilning 21-22-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, kansler Angela Merkel, Bundestag raisi Volfgang Shoyble, Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder va ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashdi. Ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Muhokamalar natijasida umumiy qiymati 4 mlrd. yevrodan ortiq bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
- 24-26 mart-kunlari Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif chog‘ida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, qiymati 10 mlrd. dollardan ziyod ikki tomonlama hujjatlar va investitsion kelishuvlar imzolandi.
- 14-15-aprel kunlari Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 9 ta hujjat imzolandi;
- 18-21-aprel kunlari Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘ldi.
Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy sohalardagi umumiy qiymati 12 mlrd. dollardan ziyod bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
- 24-27-aprel kunlari Prezident Sh.M.Mirziyoyev Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi, Belarus va Tojikiston prezidentlari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori va BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
- 27-29-may kunlari Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning javob rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, ikki tomonlama hujjatlar paketi imzolandi, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, jumladan, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish doirasida qiymati 123,8 mln. yevrolik shartnomalar imzolandi;
- 31-may – 2-iyun kunlari Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Yevropa Ittifoqi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondiga 5 mln. yevro ajratishini ma’lum qildi. Yevropa tomoni quyidagi sohalardagi loyihalarga moliyaviy-texnikaviy yordam ko‘rsatadi: budjetni qo‘llab-quvvatlash (40 mln. yevro), O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish (5 mln. yevro), qishloq hududlarida bandlikni oshirish (5 mln. yevro), Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi negizida afg‘on talabalarini tayyorlash (2 mln. yevro) va boshqalar.
Umuman, yuqorida aytib o‘tilgan oliy darajadagi tadbirlar doirasida 58 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
O‘tgan vaqt mobaynida Respublika rahbariyati tomonidan AQSh, Yaponiya, Xitoy, Rossiyadan hamda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va BMT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori darajadagi delegatsiyalar qabul qilindi.
15 dan ortiq davlat va xalqaro tuzilmalar rahbarlari bilan yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, hukumat, vazirliklar va idoralar rahbarlari darajasida 70 dan ortiq tashriflar amalga oshirildi.
II. Asosiy global va mintaqaviy davlatlar bilan hamkorlik faol rivojlanmoqda.
«Hindiston – Markaziy Osiyo» formatida hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqotining Afg‘oniston ishtirokidagi vazirlar darajasidagi birinchi yig‘ilishi 2019-yil 13-yanvar kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.
19-20-fevral kunlari Toshkent shahrida «Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlaridan 130 dan ziyod olimlar, siyosatshunoslar, ekspertlar va davlat idoralari vakillari ishtirok etdilar.
15-mart kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari bosh vazir o‘rinbosarlari ishtirokida Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlat idoralari va ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
17-19-may kunlari Toshkent shahrida V Moskva Davlat xalqaro munosabatlari instituti (MGIMO) bitiruvchilari Forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan davr mobaynida dunyoning muhim mamlakatlari bilan munosabatlar ikki tomonlama manfaatdorlik va o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda rivojlanishda davom etdi.
Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik asosida jadal rivojlanmoqda.
Xitoy, AQSh, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari, shuningdek, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan aloqalar izchil rivojlanmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv hamkorlik rivojlanmoqda.
III. Mamlakat iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini jalb qilish, eksport hajmini va xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga Tashqi ishlar vazirligi alohida e’tibor qaratmoqda.
2018-yilning noyabridan joriy yilning iyun oyigacha bo‘lgan davr mobaynida O‘zbekistonning chel eldagi elchixonalari tomonidan qishloq xo‘jaligi, sanoat, kommunal xizmatlar, qurilish, tibbiyot, farmatsevtika, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 5,25 mlrd. dollarlik 244 ta investitsion loyihalar ishlab chiqildi.
Jumladan, qiymati 1,7 mlrd. dollarlik 163 ta loyiha 2019 yil mobaynida amalga oshiriladi.
Ushbu loyihalarning asosiy qismi 2020-2021 yillarda bajarilishi rejalashtirilgan.
O‘zbek tovarlarini tashqi bozorlarga eksport qilish va mamlakatga xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun ko‘plab ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning 5 oyi davomida diplomatik vakolatxonalarimiz joylashgan mamlakatlarga o‘zbek mahsulotlarining eksporti 30,6 foizga oshdi va 3 mlrd. 504,6 mln. dollarni tashkil etdi. Sayyohlar soni esa joriy yilning birinchi choragi mobaynida 42 foizga oshib, 1,3 mln. kishini tashkil etdi.
E’tiboringiz uchun tashakkur.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi