Finlyandiya bilan kommunal xoʻjalikka zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama etildi
Toshkent shahar hokimligida Finlyandiyaning “Uponor” kompaniyasi direktori Yari Myullyari Shrayner va kompaniyaning MDH va RFdagi vakili ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Toshkent shahridagi issiqlik taʼminoti tizimida amalga oshirilayotgan modernizatsiya tadbirlari va unda xorijlik hamkorlarning ishtiroki masalasi muhokama etildi.
Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Davron Hidoyatov avvalo poytaxtimiz iqlimiga toʻxtalib oʻtdi va kommunikatsiya tizimi ushbu sharoitga mos holda yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi. Shuningdek, tizimda yangilanishlar olib borilayotgani va bunda zamonaviy texnika va texnologiyalar taʼminotiga alohida eʼtibor qaratilayotganini maʼlum qildi.
Yari Myullyari Shrayner esa ularning kompaniyasi isitish, sovutish va suv taʼminoti tizimi uchun zamonaviy yechimlar tayyorlashini, dunyoning 17 ta davlatida zavodlari borligi va 30 dan ortiq mamlakat bilan hamkorlikda ishlayotganligini aytib oʻtdi. Shuningdek, ularning kommunal sohaga moʻljallangan texnika va texnologiyalari oʻziga xos uslubda tayyorlangani, ishlash tizimiga egaligiga eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston poytaxtining kommunal xoʻjaligi tarmoqlarida ularni qoʻllashni taklif etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikka oid masalalarni koʻrib chiqishdi.
Manba: Toshkent shahar hokimligi