Qurolli Kuchlar akademiyasida kursantlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan intellektual yetuk yoshlar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov qo‘lidan mukofotlarni qabul qilib olgan yoshlar Rossiya Federatsiyasining Ryazan oliy havo-desant qo‘mondonlik bilim yurtida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida Harbiy-kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan V xalqaro olimpiadada munosib qatnashgan.
Ular 35 ta jamoa ishtirokida murosasiz o‘tgan olimpiadada noqulay ob-havo sharoitlariga qaramasdan yuqori professional tayyorgarlik darajasini ko‘rsatib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egallagandi.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining Qarag‘anda shahrida MDH mamlakatlarining harbiy bilim yurtlari kursantlari o‘rtasida matematika fanidan o‘tkazilgan olimpiadada Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari birinchi marotaba qatnashishlariga qaramasdan 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Tadbir davomida ular ham munosib taqdirlandi.
Kursantlarning yuqori natijalarga erishishida o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan Akademiya professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov, universitet doktaranti Shohrux Husanov, to‘rtinchi kurs talabasi Sardor Bozorboevga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Eslatib o‘tamiz O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari joriy yilda matematika, informatika (professional tayyorgarlik) hamda Harbiy-kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi.
Manba: O'zA