Mamlakatimizning Kiyevdagi elchixonasi koʻmagida oʻzbek meva va sabzavot mahsulotlarini Ukrainaga eksport qilish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ukrainalik tadbirkorlar bilan meva va sabzavotlar, quruq meva hamda tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha umumiy qiymati 3 million dollarga teng boʻlgan shartnomalar imzolandi.
Erishilgan kelishuvlar samarasida Ukrainaning Lvov shahrida joylashgan va mamlakatning eng yirik savdo majmualaridan biri hisoblangan “Shuvar” meva va sabzavot bozorida oʻzbek mahsulotlari savdosi yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning dastlabki toʻrt oyi natijalariga koʻra, Oʻzbekiston va Ukraina oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 130 million dollarni (2018-yilning shu davriga nisbatan 102,4 foiz) tashkil etdi. Ukrainaga qilinayotgan eksport hajmi 11 million dollarga (oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 126 foiz) oʻsgan, ushbu mamlakatdan import qilingan mahsulotlar esa 7 foizga kamaygan va 85,6 million dollarga teng boʻlgan.
Ukrainaga mahsulotlar yetkazib berish hajmida anʼanaviy eksport nomenklaturasi bilan bir qatorda mamlakatimiz fermerlari yetishtirayotgan meva va sabzavotlarning oʻrni ham kengaymoqda.
Bugungi kunda Ukrainaning Kiyev, Dnepropetrovsk va Xarkov shaharlarida ham oʻzbek mahsulotlari sotiladigan yangi savdo maydonlarini tashkil etish boʻyicha faol muzokaralar olib borilmoqda.