2019-yil 4-7-iyun kunlari poytaxtimiz Toshkentda Temir yoʻl Hamkorlik tashkiloti Vazirlar kengashining 47-sessiyasi boʻlib oʻtadi.
Unda xalqaro tashkilotga aʼzo boʻlgan 27ta davlat,chunonchi Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston, Rossiya, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya, Bolgariya, Ukraina, Moldova, Belarus, Litva, Latviya, Estoniya, Gruziya, Ozarbayjon, Eron, Afgʻoniston, Moʻgʻuliston, Xitoy,Vyetnam, KXDR, Janubiy Koreyaning transport vazirlari hamda temir yoʻl rahbarlari ishtirok etadi.
Shuningdek, tadbirda Xalqaro temir yoʻl tashish hukumatlararo tashkiloti, Xalqaro transport federatsiyasi, Xalqaro temir yoʻl transporti qoʻmitasi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasining ichki transport qoʻmitasi kabi qator nufuzli xalqaro tashkilot vakillari ham qatnashadi.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – Transport vaziri Achilboy Ramatov ishtirok etadi va nutq soʻzlaydi.
Sessiyada yigʻilish ishtirokchilariga Temir yoʻl Hamkorlik tashkilotining 2018-yilgi faoliyati, tashkilot komissiyasining transport siyosati va rivojlanish strategiyasi boʻyicha olib borilgan ishlar xususida maʼlumotlar taqdim etiladi. Qolaversa, 2020-yilga belgilangan loyihalar rejasi ham ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 3 kun davomida davlatlararo tashuvlarning hozirgi holati, hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, yangi tranzit yoʻlaklarni joriy etish, tarif siyosati yoʻnalishlarida muzokaralar olib boriladi.
Eʼtiborlisi, anjumanda Temir yoʻl Hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida transport vazirlari va temir yoʻl rahbarlarining rasmiy uchrashuvlari ham boʻlib oʻtadi.
Maʼlumot uchun: Temir yoʻl Hamkorlik tashkiloti 1956-yilda tashkil etilgan boʻlib, unga 29ta davlat aʼzo hisoblanadi. Temir yoʻl Xamkorlik tashkiloti Vazirlar kengashining I sessiyasi 1956-yil Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boʻlib oʻtgan. 2018-yilda oʻtkazilgan Vazirlar kengashi sessiyasiga Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahri mezbonlik qilgan.