Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston Ichki ishlar vazirliklari, Armaniston Politsiyasi delegatsiyalari, shuningdek, Hamdoʻstlik hududida Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli turdagi jinoyatchilikka qarshi kurashishni muvofiqlashtirish boʻyicha byuro, MDH Ijroiya qoʻmitasi va Aksilterror markazi vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov Oʻzbekistonda xavfsizlikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash borasida Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzladi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi joriy etilgani, jinoyatlarni jilovlashga qaratilgan amaliy choralar tufayli huquqbuzarlik va jinoyatlar keskin kamayganini qayd etdi.
Qatnashchilar Hamdoʻstlik mamlakatlari hududida tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda huquq-tartibot, xususan, ichki ishlar organlari va politsiya xizmati hamkorligi yoʻlga qoʻyilgani muhim oʻrin tutayotganini alohida taʼkidladi.
Majlisda bunday hamkorlikni har tomonlama takomillashtirish yuzasidan fikr almashilib, jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha davlatlararo dasturni amaliyotga joriy etishning ustuvor masalalari koʻrib chiqildi. Birgalikda oʻtkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar va maxsus operatsiyalar ijobiy natijalar bergani qayd etildi.
Kengash aʼzolari ichki ishlar vazirliklari va politsiya hamkorligiga oid konsepsiya hamda soʻrovnomalarni xalqaro nazorat ostida yetkazishning yagona tartibini muhokama qildi va tasdiqladi.
Tomonlar Hamdoʻstlik hududida ijtimoiy xavfsizlik va baroqarorlikni mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlidagi oʻzaro hamkorlikka doir boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashdi.
Majlis anʼanaviy tarzda qizgʻin, konstruktiv va hamfikrlilik ruhida oʻtdi.
Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA muxbiri