O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MTM faoliyatini tekshirish tartibi bo‘yicha ma’lumot
2019-05-23 | Ta’lim
Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi bo‘yicha qisqacha ma’lumot.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi №352-son «Maktabgacha hamda umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorida qayd etilgan muhim bandlar:
◾️ MTMda rejalashtirilgan tekshiruvlarni o‘tkazish vakolatli tekshiruv organlari tomonidan, faqatgina yillik tekshiruv reja-grafigi bo‘yicha amalga oshiriladi;
◾️ MTMlarining yillik tekshiruv reja-grafigi loyihasi, MTMlarining to‘liq ro‘yxati, ularning manzillari, to‘liq nomi, vazirliklar, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari bilan kelishish maqsadida rejali tekshirish davrlarini aniq ko‘rsatgan holda, elektron ko‘rinishda taqdim etiladi;
◾️ Yangi tashkil etilgan MTMning rejali tekshiruvi, qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari, 2 yil davomida o‘tkazilmaydi;
◾️ MTMning faoliyatini rejali va rejasiz tekshirish davri 10 kalendar kunidan oshmasligi lozim.
MTMni faqatgina rejalashtirilgan asosda va Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tekshirish huquqiga ega vakolatli davlat organlari va idoralari:
1. Ichki ishlar vazirligi va uning voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzarlik va nazoratsiz qolish profilaktikasini amalga oshiruvchi maxsus bo‘linmalari;
2. Yong‘in xavfsizligi davlat xizmati;
3. Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitar-epidemiologik nazorat davlat xizmati;
4. O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi; 5.Favqulotda vaziyatlar vazirligi; 6.O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi.
- rejalashtirilgan tekshiruv - MTM bilan reja-grafigiga asosan kelishilgan holda o‘tkaziladigan tekshiruv;
- rejalashtirilmagan tekshiruv - vazirlik yoki idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari tasarrufida bo‘lgan MTMlarni tasdiqlangan reja-grafigidan tashqari, kelishilgan holda o‘tkaziladigan tekshiruvdir.