Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019 yilning birinchi chorak yakunlari bo‘yicha faoliyati hamda “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ijro etilishi yuzasidan hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, joriy yil birinchi choragi va aprel oyida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida respublika sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish hamda infratuzilma sohalaridagi investitsiya loyihalarini ishga tushirish, xususiy biznes rivojlanishi hisobiga jami 40,5 mingta ish o‘rni tashkil etilgani ma’lum qilindi. Yig‘ilishda ish o‘rinlarini tashkil etishda ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Namangan, Farg‘ona viloyatlariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida 13500 dan ortiq aholining bandligi ta’minlangani oilalar farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz.
Mehnat organlariga ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning 62 mingga yaqini ish bilan ta’minlangan. Yig‘ilishda so‘nggi yillarda jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga fuqarolar bandligi ta’minlanayotgani, jumladan, birinchi chorakda 37 milliard so‘m mablag‘ jalb etilishi hisobiga 49 ming ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan vaqtinchalik ishlarga jalb etilgan.
Yig‘ilishda jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari to‘liq o‘zlashtirilmagani aytildi.
Parlament a’zolari og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha tasdiqlangan manzilli dastur ijrosiga alohida e’tibor qaratdilar. Mazkur dastur asosida 2,5 ming shu toifadagi xotin-qizlarning ish bilan ta’minlangani haqqoniyligiga mas’ullarning e’tiborini qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Vazirlik hisobotida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga tijorat banklari, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari jalb etilishi natijasida 1,5 ming ayol tadbirkorlik faoliyatini boshlagani qayd etildi. Bu maqsadlarga 31,4 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Hisobot tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat va tarmoq dasturlarida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi natijasida ish bilan band aholi soni 104 ming kishiga ortib, 13 million 377 mingga yetgan. Ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,4 foizni tashkil etmoqda.
Vazir o‘z hisobotida 2018 yilda parlamentimiz tomonidan qabul qilingan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunning ijrosi yuzasidan axborot berdi.
Xususiy bandlik agentliklari institutining joriy etilishi munosabati bilan amalda bandlik sohasida yangi mexanizmlarni ishlab chiqishga imkon yaratilgani, mazkur qonun qabul qilingandan keyin amaldagi qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, xorijga ishga chiquvchi fuqarolarga bir qator yengilliklar yaratilgani ta’kidlandi. Bugungi kunda 78 yuridik shaxs Xususiy bandlik agentligi sifatida reestrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 58 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga litsenziya olgan.
Davlat dasturida belgilangan bandlik sohasidagi vazifalar barcha hududlarda ham to‘liq bajarilgan, deb bo‘lmaydi. Bu borada ayrim hududlarda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qizg‘in muhokama qilindi.
Eshituv va muhokamalar yakuni bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA