O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston fuqarolarining Ruminiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatlarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi
2019-05-21 | Jamiyat
2019-yil 20-may O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Ruminiyaning “Golden Logistics” tashkiloti bosh direktori Oleg Sheynker bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston fuqarolarining Ruminiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatlarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi vazirlik mas'ullari hamda O‘zbekistonning 30 ga yaqin xususiy bandlik agentliklari vakillari ishtirok etdi.
“Golden Logistics” tashkiloti Ruminiya hududida, asosan, Buxarest shahrida olib borilayotgan qurilish ishlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida 2019-yil O‘zbekiston mehnat bozoriga kirishni rejalashtirgan. Shunga muvofiq, tashkilot tomonidan tosh teruvchi, gipsokarton ustasi, armaturachi, plitka yotqizuvchi, malyar, elektrik, tunukachi, santexnik singari o‘nga yaqin kasblar bo‘yicha O‘zbekistondan mutaxassislar jalb qilish va o‘zaro manfaatli asosda hamkorlik olib borish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda tashkilot rahbari Oleg Sheynker mazkur chora-tadbirlarni yuzaga chiqarishda O‘zbekiston xususiy bandlik agentliklari (XBA) bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shu orqali mehnat migratsiyasi bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlab borish istiqbollari xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuv davomida Ruminiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini tashkil etish jarayonlari, mehnat qilish shart-sharoitlari va talablari haqida ham ma'lumot berildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston fuqarolarini Ruminiyaga ishga yuborish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarga kirishish maqsadida “Golden Logistics” tashkiloti bosh direktori bilan O‘zbekiston xususiy bandlik agentliklari vakillari o‘rtasida yakka tartibdagi suhbatlarni tashkillashtirishga kelishildi.