O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Slovakiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2019-05-20 | Siyosat
2019-yilning 20-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahriga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi Tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning YXHT bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha YXHT va uning institutlari bilan yanada faol hamkorlik qilishdan tomonlar manfaatdorligi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar yangicha tus olgani, qator qo‘shma tadbirlar, jumladan “Markaziy Osiyo mintaqasida ochiq jurnalistika” mavzusidagi Markaziy Osiyo 19-konferensiyasi, “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusidagi YXHT tashkiloti shafeligidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilgani qayd etildi.
Suhbatda mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan Afg‘onistondagi holat ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda o‘tgan yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida an’anaviy tarzda konstruktiv va o‘zaro manfaatli ahamiyat kasb etib kelayotgan O‘zbekiston – Slovakiya aloqalarining rivojlanish masalalari muhokamasiga muhim o‘rin berildi.
Vazirlar “O‘zbekiston - Yevroittifoq” shakli, “Vishegrad guruhi – Markaziy Osiyo” muloqoti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishni qo‘llab-quvvatladilar.
Uchrashuvda Slovakiya Elchisi Yan Bori va YXHT loyihalari Koordinatori Jon MakGregor ishtirok etdilar.
Muzokaralardan so‘ng Miroslav Laychak tomonidan Termiz shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish bo‘yicha ta’lim markazi uchun ko‘ngilli yordam sifatida 10 ming yevro miqdoridagi chek topshirildi.