O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro forumda hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2019-05-20 | Madaniyat
Poytaxtimizda 19 may kuni Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilari V xalqaro forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbirda 32 mamlakatdan hukumat, parlament a’zolari, siyosatchilar, diplomatlar, yirik xorijiy kompaniyalar rahbarlari va MDXMI vakillari ishtirok etishdi.
Marosimda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Forum davomida MDXMIning yangi taraqqiyot strategiyasi muhokamasi bilan birga institutning Toshkent filiali dasturlari taqdimoti ham o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev mazkur forum doirasida Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri V.Medinskiy bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat madaniyat vazirlari o‘zaro teatrlar almashuvi, O‘zbekistonda S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat institutining filiali ochilishi hamda ikki davlat madaniyat kunlarini o‘tkazish masalalarini muhokama qilishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida madaniy-gumanitar sohada hamkorlik bo‘yicha 2019-2021 yillarga mo‘ljalangan dastur ijrosi yuzasidan ham fikrlar almashildi.