O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda Koreya tajribasi asosida zamonaviy farmatsevtika klasteri tashkil etiladi
2019-05-20 | Sog‘liqni saqlash
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi delegatsiya farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Koreya Respublikasida bo‘ldi.
Tashrif doirasida delegatsiya «Eulji» universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqotda delegatsiya tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, jumladan, tibbiy turizmni rivojlantirish, xorijiy investorlarni yurtimizga jalb etish borasida yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida, Koreya tomoni mamlakatimizda «Eulji» universiteti filiali va klinikasini tashkil etishga qiziqish bildirdi. Ushbu loyihani muhokama qilish maqsadida yaqin vaqt ichida «Eulji University» rahbari Xong Song Xi O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini qayd etdi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi.
Delegatsiya a’zolari Osan shahrida 20 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Biofarmklasterda ham bo‘lishdi. Bu yerda joylashgan farmatsevtika va bio-farmatsevtika kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, klinikalar, laboratoriyalar va venchur jamg‘armalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv chog‘ida mamlakatimizda farmatsevtika va tibbiyot rivoji borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Koreya tajribasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda namuna bo‘layotgani ta’kidlanib, bu boradagi hamkorlik mamlakatimizda koreyalik hamkasblar bilan birgalikda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy farmatsevtika klasteri faoliyatida ham qo‘l kelishi qayd etildi.
Muloqot yakunida tomonlar O‘zbekistonda farmatsevtika klasterini tashkil etish borasida “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar. Ushbu kelishuv O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Biofarmklasteri rahbari Pak Gusun o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi bilan mustahkamlandi.
Umuman olganda, O‘zbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratdi.