O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston—Belarus hamkorlikdagi harbiy mashg‘ulotlarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2019-05-20 | Jamiyat
19-may kuni Sharqiy harbiy okrug “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydonida joriy yilning 20—27-may kunlari o‘tkaziladigan “Jangovar hamdo‘stlik—2019” shiori ostidagi O‘zbekiston—Belarus maxsus bo‘linmalari o‘rtasidagi hamkorlikdagi mashg‘ulotlarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ofitserlari, Sharqiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, Pop tumani hokimi, O‘zbekiston va Belarus mamlakatlarining harbiy xizmatchilari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar respublikalarimiz o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani va aynan ikki mamlakat qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari hamkorligida o‘tkazilayotgan maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari ana shu ishlarning uzviy davomi ekanligini ta’kidlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tilashdi.
– Vataningizga ilk bor kelishim, biroq O‘zbekiston Respublikasi, uning qadimiy tarixi va dunyoga mashhur obidalari hamda mehmondo‘st xalqi va bu yerda olib borilayotgan ulkan ishlar haqida ko‘p eshitganman, – deydi Belarus Respublikasi vakili kichik serjant Pavel Tyurin. – Serquyosh O‘zbekistonga kelganimdan hursandman. Bizni o‘zbekona mehmondo‘stlik bilan samimiy kutib olishdi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, “Jangovar hamdo‘stlik – 2019” maxsus-taktik mashg‘ulotlari bilim va ko‘nikmalarimizni oshirish uchun ahamiyatliligi bilan birga kasbiy mahorat va o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar bilan tajriba almashishimiz uchun ham katta imkoniyatdir.