O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-05-17 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, shuningdek, Navoiy viloyati hududida mineral xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshimcha quvvatlarni tashkil etish maqsadida:
1. Navoiy viloyati hududi keyinchalik belgilangan tartibda muddatini uzaytirish imkoniyati bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilansin.
2. Belgilansinki:
Navoiy viloyatining hududiy chegaralari ichida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya dasturlarini amalga oshirayotgan korxonalarga, hududda mavjud boʻlgan yoki yengil barpo etiladigan infratuzilmalarda ishlab chiqarishlarni ixcham joylashtirgan holda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda – “Navoiy” EIZ) ishtirokchisi maqomi beriladi;
oʻz zimmasiga olgan investitsiya majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, “Navoiy” EIZ ishtirokchilari bilan investitsiya bitimlarni bekor qilish, toʻxtatib turish va ularni “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomidan mahrum etish faqatgina sud tartibida amalga oshiriladi.
3. Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashiga innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar sifatidagi yangidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini hamda “Navoiy” EIZ direksiyasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda, ularga “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini taqdim etishni mustaqil ravishda belgilash huquqi berilsin.
4. Navoiy viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalar maʼmuriy kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlarni belgilash, shuningdek, “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini berish uchun innovatsiya loyihalarini tanlab olish hamda uning qatnashchilarini roʻyxatga olishning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Erkin iqtisodiy zona sifatida Navoiy viloyatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek, ilgʻor tajribani joriy etish hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
yuqori qoʻshilgan qiymatga ega eksportbop va import oʻrnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish;
Navoiy viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni taʼminlash;
kimyo mahsulotlari va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, tabiiy toshlarni qayta ishlash hamda mahalliy xom ashyo va materiallar negizida sanoatning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha klasterlar yaratish;
qimmatbaho toshlar va metallarni qayta ishlash sohasida yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shuningdek, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;
viloyat korxonalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
viloyatning, birinchi navbatda tuman markazlari va yirik aholi punktlarining transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, viloyat hududida yirik logistika markazini tashkil etish;
hudud iqtisodiyotining ixtisoslashgan kadrlarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojidan kelib chiqib yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash.
6. Navoiy viloyati hududida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona tashkil etish boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unga Navoiy viloyatini kompleks rivojlantirish hamda uning hududida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish masʼuliyati yuklansin.
7. “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan Navoiy viloyatidagi korxonalar:
yer soligʻi, daromad soligʻi, yuridik shaxslardan olinadigan mulk soligʻi, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq toʻlovidan;
boʻshab qoladigan mablagʻlarni yangi korxonalarni tashkil etish, shuningdek, mavjud ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va texnik, texnologik qayta jihozlash, kengaytirish, ishlab chiqarish binolarini qurish, oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur xom ashyo va materiallar xarid qilishga maqsadli yoʻnaltirgan holda oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskunalar, xom ashyo, materiallar hamda butlovchi buyumlar, mahsulot eksport qilinganda vujudga keladigan qoʻshilgan qiymat soligʻining manfiy summasi qaytarilmasligi huquqi bilan bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari);
respublikada ishlab chiqarilmaydigan hamda belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida olib kiriladigan qurilish materiallari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
Belgilansinki, mazkur bandda koʻrsatilgan, bojxona imtiyozlari qoʻllanilgan holda olib kirilgan uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ularni olib kirilgan kundan boshlab uch yil mobaynida realizatsiya qilinadigan yoki bepul oʻzgaga topshiriladigan holatlarda, bojxona toʻlovlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq hajmda undirib olinadi.
8. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
a) ushbu Farmonning 7-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar kiritilgan investitsiyalarning hajmiga qarab 3 yildan 10 yil muddatgacha, shu jumladan, ekvivalenti:
300 ming AQSH dollaridan 3 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar – 3 yil muddatga;
3 million AQSH dollaridan 5 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar – 5 yil muddatga;
5 million AQSH dollaridan 10 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar – 7 yil muddatga;
10 million AQSH dollari va undan koʻp hajmdagi investitsiyalar keyingi 5 yil davomida daromad soligʻi va yagona soliq toʻlovining amaldagi stavkalarini 50 foiz hajmda qoʻllangan holda – 10 yil muddatga beriladi;
b) “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga eksport va import qilinadigan tovarlar uchun haq toʻlash va hisob-kitoblarning oʻzi uchun qulay shart va shakllaridan foydalanishiga ruxsat etiladi;
v) “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan soliq toʻlovchining holatini yomonlashtiradigan Oʻzbekiston Respublikasining soliq qonunchiligi hujjatlari qoʻllanilmaydi, aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga soliq solishni tartibga soluvchi hujjatlar bundan mustasno;
g) 2019 yil 1 iyundan boshlab xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning taʼsischilari – “Navoiy” EIZ qatnashchilari va ularning oila aʼzolariga respublika hududidan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bilan, amal qilish muddati uch yilgacha boʻlgan “investitsiya vizasi” beriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasini “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” aksiyadorlik jamiyatiga (keyingi oʻrinlarda – “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ) aylantirsin;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tuzilmasida Eksportni qoʻllab-quvvatlash markazini tashkil qilsin hamda “Navoiy” EIZ qatnashchilariga maslahat, vositachilik xizmatlarini koʻrsatish, ularning Oʻzbekiston Respublikasi va xorijdagi koʻrgazma va ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirokini tashkil qilish, ishtirokchining buyurtmasiga koʻra tijorat asosida marketing tadqiqotlarini oʻtkazish orqali ularga mahsulotlar eksportida koʻmaklashish Markazning asosiy vazifasi va faoliyat yoʻnalishi etib belgilansin.
10. “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ erkin iqtisodiy zonalar faoliyatining butun davrida soliqlar toʻlashdan ozod etilsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki:
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning dastlabki ustav kapitali qayta tashkil etilayotgan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUKning mulklari hisobiga shakllantiriladi;
“Navoiy” EIZ hududida joylashgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga xizmat koʻrsatish “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ buyurtmanomalariga binoan vazirliklar va idoralarning tegishli hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUKning huquqlari va majburiyatlari boʻyicha vorisi hisoblanadi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning ustav kapitalida davlat nomidan aksiyadorlik funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
“Navoiy” EIZ hududida binolar qurish “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tomonidan oʻz mablagʻlari va/yoki xususiy investorlar mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi mumkin hamda keyinchalik ushbu bino va inshootlar tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijaraga yoki sotib olish uchun taqdim etiladi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ oʻziga berilgan vakolatlar doirasida Navoiy viloyati hududida joylashgan davlat ixtiyoridagi koʻchmas mulk obyektlarini boshqaradi hamda Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi bilan kelishgan holda Navoiy viloyati hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy maydoni 5000 metr kvadratdan koʻp boʻlmagan, foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi “Davlat mulki obyektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3067-son qarorining 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan obyektlardan tashqari) “Navoiy” EIZ ishtirokchilariga taqdim etadi;
“Navoiy” EIZ ishtirokchilari uchun barcha, shu jumladan, litsenziyalash va ruxsatnomalar olish boʻyicha davlat xizmatlari “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ va/yoki Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan “yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etiladi.
12. Quyidagilar “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
EIZ ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun bir martalik toʻlovlar;
tasarrufida va boshqaruvida boʻlgan yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan tushgan tushumlar;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar, shu jumladan, marketing, konsalting, logistika, mehmonxona, taʼlim va kadrlar bilan bogʻliq xizmatlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar;
maqsadli byudjet ajratmalari;
xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ bilan birgalikda:
a) belgilangan tartibda “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning tuzilmasi tasdiqlanishi, taʼsis hujjatlari, emissiya risolasining roʻyxatdan oʻtkazilishi, shuningdek, uning organlari, shu jumladan, yangi tashkil etilayotgan Eksportni qoʻllab-quvvatlash markazini inobatga olgan holda shakllantirilishini;
b) ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
“Navoiy” EIZ hududida yangi korxonalarni joylashtirish boʻyicha “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ bilan ishtirokchilar oʻrtasida tuziladigan namunaviy investitsiya kelishuvi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tomonidan “Navoiy” EIZ ishtirokchilariga xizmatlar koʻrsatish boʻyicha namunaviy shartnoma ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
14. “Navoiy” EIZning ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini kelgusi yil uchun shakllantirishda “Navoiy” EIZning transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan kapital qoʻyilmalar limitlarini nazarda tutsin.
16. Navoiy viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Navoiy viloyatidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan foydalanilmayotgan yer uchastkalari, foydalanilmayotgan va boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini xatlovdan oʻtkazsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar Navoiy viloyatidagi har bir tuman markazlari, yirik aholi punktlarining transport tizimi va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) 2019-2021 yillarda Navoiy viloyatida innovatsion faoliyatni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2019-2020 yillarda Navoiy viloyati hududida amalga oshirilishi taklif etilayotgan innovatsion va yuqori texnologiyali loyihalar roʻyxatini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bilan birgalikda Navoiy viloyatida Innovatsion texnologiyalarni joriy etish markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin, quyidagilar ushbu markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xalqaro darajada patentlash imkoniyatiga ega boʻlgan ilmiy hajmdor va ilgʻor texnologiyali ishlanmalarni yaratish, yangi innovatsion mahsulotlarning namunalarini modellashtirish, maketlashtirish, tayyorlashda ishtirok etish va zamonaviy laboratoriya uskunalaridan foydalangan holda ularni sinovdan oʻtkazish;
yuqori texnologiyali innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun yangi istiqbolli gʻoyalar va innovatsion ilmiy hajmdor ishlanmalarni shakllantirish hamda ilmiy faoliyat natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish;
hududda innovatsion ekotizim, shu jumladan, biznes akseleratorlar, startaplar va kichik innovatsion korxonalarni tashkil etish;
hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun akademik, oliy taʼlim va tarmoq fanlari bilan samarali hamkorlikni taʼminlash.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ buyurtmanomalariga binoan “Navoiy” EIZ ishtirokchilari boʻlgan korxonalarning xorijiy xodimlariga hamda ularning oila aʼzolariga kirish, shu jumladan, koʻp martalik vizalarni konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilish uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, hududning va mavjud mineral-xom ashyo resurslar salohiyatini xalqaro ishbilarmon doiralarda doimiy ravishda keng yoritilishini (taqdimotini) taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda mazkur Farmonning mohiyati va maqsadlarini xorijiy hamkorlar va investorlarga yetkazish chora-tadbirlarini koʻrsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning buyurtmanomalariga binoan “Navoiy” EIZ ishtirokchilari boʻlgan korxonalarning xorijiy xodimlariga hamda ularning oila aʼzolariga davlat bojini undirmasdan vaqtinchalik turar joyi boʻyicha propiska qilish va uzaytirishni taʼminlasin.
20. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda erkin iqtisodiy zonalar hududida loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishning barcha jihatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatning ishlab chiqilishini yakunlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
erkin iqtisodiy zonalarning ixtisoslashuvini, investitsiya loyihalarini tanlashning aniq mezonlarini belgilash;
investorlarni jalb qilish uchun erkin iqtisodiy zonalarni muhandislik-transport infratuzilmasi, ijtimoiy-maishiy va madaniy-jamoat obyektlari bilan taʼminlagan holda zarur sharoitlar yaratish mexanizmlarini;
erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish tizimini, shu jumladan, direksiyalar faoliyatini tashkil etishning yagona standartlarini belgilash, koʻrsatilayotgan xizmatlar roʻyxatini kengaytirish hamda erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarini tadbirkorlik subyektlarining ishonchli boshqaruviga, shu jumladan, xorijiy kompaniyalarga topshirish orqali takomillashtirish.
21. Adliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ikki oy muddatda “Navoiy” EIZ” hududida ish yuritishda ingliz tilidan foydalanib, ingliz standartlari, tamoyillari va normalari asosida “Navoiy” EIZ” ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutuvchi alohida huquqiy rejim oʻrnatish boʻyicha takliflar kiritsin.
22. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda Navoiy viloyatida sanoat, injiniring, texnologiyalar va IT dasturlashning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan xorijiy oliy oʻquv yurti filialini tashkil qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Navoiy” EIZ hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining 1 milliard AQSH dollaridan kam boʻlmagan hajmdagi kredit liniyalarini bosqichma-bosqich jalb qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.25. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.26. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019 yil 15 may