O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sayyohlikning noan’anaviy turlari rivojlanayotgan Zominda Turizm axborot markazi ochildi
2019-05-10 | Turizm
Jizzax viloyati turistik salohiyati yuqori viloyatlardan biri sifatida sayyohlikning noan’naviy turlari – ekoturizm, agroturizm, tibbiy turizm rivojlanayotgan hududlaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishdagi turizm imkoniyatlarini oshirish, sayyohlarni keng jalb etish, sohada innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish hamda barcha turdagi zaruriy xizmatlarni ko‘rsatish kabi muhim vazifalar soha faoliyatini rivojlantirishni taqozo etadi.
Ayniqsa, sayyohlarning turizm borasidagi xabardorligini oshirishda axborot markazlarining alohida o‘rni mavjud.
Zomin tumanida Turizm axborot markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi, tuman hokimligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari yangi markazda turistik obyektlar haqida to‘liq ma’lumotlar bazasi yaratilgani, turli xil qo‘llanma va bukletlar bilan ta’minlangani, uning to‘laqonli faoliyat olib borishi uchun barcha sharoitlar mavjudligi haqida ma’lumot berishdi.
Tumanda so‘nggi yillarda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Xotira va qadrlash kuni arafasida, Xotira maydonining ochilishi tumanga yanada fayz bag‘ishladi. Yangi qurilgan Turizm axborot markazi ham yaqinda foydalanishga topshirilgan “Korzinka” savdo mujmuasi yonidagi Yoshlar bog‘ida o‘z faoliyatini boshlashi tashrif buyuruvchi mehmonlarni yanada mamnun etishi aniq.