O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining filialini tashkil etish toʻgʻrisida

2019-05-09 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2018-2019 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining (keyingi oʻrinlarda – Universitet) Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining filialini(keyingi oʻrinlarda – Filial) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Filial faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

oliy taʼlim sifatiga qoʻyiladigan xalqaro talablarga muvofiq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasidagi vazifalarni yuqori darajada bajarishga qodir malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasida talabalarning chuqurlashtirilgan mustaqil tayyorgarligini hisobga olgan holda nazariy va amaliy mashgʻulotlarni uygʻunlashtirish;

oliy taʼlim tizimiga zamonaviy taʼlim texnologiyalariga asoslangan oʻquv jarayonlarini joriy qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi hamda ochiq axborot-taʼlim muhitini rivojlantirishga koʻmaklashish;

nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarning oʻzaro bogʻliqligi, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik asosida jismoniy tarbiya va sport sohasi kadrlarining professional tayyorgarligini oshirish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish;

xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Filial Universitetning alohida tarkibiy boʻlinmasi hamda kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan taʼlimning asosiy yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiruvchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

Filialda taʼlim Rossiya Federatsiyasi federal taʼlim standartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv reja va taʼlim dasturlari asosida rus tilida amalga oshiriladi;

abituriyentlar qabuli va Filial bitiruvchilarini attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

4. Universitet:

taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, ilm-fan hamda oliy taʼlimning eng yangi yutuqlari joriy qilinishi;

Filial mutaxassislari va professor-oʻqituvchilari malakasini oshirish va qayta tayyorlash;

Filialning kutubxona fondini shakllantirish, zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan boyitishda koʻmaklashishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

5. Belgilansinki:

a) Filial Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Universitet bilan kelishgan holda manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tegishli kadrlarga boʻlgan real ehtiyojidan kelib chiqib, 2019/2020 oʻquv yili va keyingi yillar uchun talabalarni qabul qilish kvotalari hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdorlarini belgilaydi;

b) Filial faoliyatini moliyalashtirish:

talabalarni davlat grantlari boʻyicha oʻqitish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan, biroq Filialga oʻqishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda;

talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro (xorijiy) moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

v) oʻqituvchilar malakasini oshirish, shuningdek, Filialni zarur mebel, inventar, kompyuter, tashkiliy texnika va sport inventarlari bilan taʼminlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Filialning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

g) Filialda faoliyat yuritish uchun Universitetdan jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilarning:

30 kungacha boʻlgan qisqa muddatli xizmat safarlari xarajatlariga oliy taʼlim muassasalari xodimlari uchun Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida belgilangan normalar boʻyicha;

uzoq muddatli xizmat safarlari xarajatlariga tuzilgan shartnomalar asosida oʻquv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqib haq toʻlanadi.

6. Quyidagilar:

Samarqand shahar, Usta Umar Joʻraqulov koʻchasi, 15-uy manzilida joylashgan Samarqand ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji bino, inshootlari va unga tutash hudud Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialiga;

Samarqand shahar, Ibn Sino koʻchasi, 17a-uy manzilida joylashgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali bino, inshootlari hamda unga tutash hudud Samarqand viloyati Sportning oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga (keyingi oʻrinlarda – Ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi) operativ boshqaruv huquqi bilan berilsin, keyinchalik ushbu joyda Filial bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Samarqand xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejining oʻquvchilari oʻqishni tamomlagunlariga qadar Filial joylashtirilayotgan, Samarqand ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kollejining oʻquvchilari esa Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialiga berilgan bino va inshootlarda oʻqishni davom ettiradi;

Filialga Ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi, shuningdek, Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati va Sportning eshkak eshish turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari respublika bolalar-oʻsmirlar sport maktabining sport inshootlaridan bepul foydalanish huquqi beriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Universitet bilan birgalikda:

bir oy muddatda Filialning ustavi va tuzilmasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi, shuningdek, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;

uch oy muddatda Filial tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

8. Filialga:

kadrlarga boʻlgan ehtiyoj va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi istiqbolidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda taʼlimning bakalavriat bosqichi asosiy yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga;

professor-oʻqituvchi xodimlar, shuningdek, pedagogik va ilmiy ish olib borishga jalb etiladigan boshqa shaxslar mehnati, yashashi hamda transport xarajatlariga tuziladigan shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha haq toʻlashga ruxsat berilsin.

9. Belgilansinki:

Filial taʼminoti uchun byudjet mablagʻlari 2019 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida ajratiladi, 2020 yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mazkur sohaga xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi;

Ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabining Filialni joylashtirish uchun ajratiladigan bino va inshootlarini taʼmirlash-tiklash ishlari Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi doirasida kapital qoʻyilmalar limitlarini qayta taqsimlash hisobiga amalga oshiriladi.

10. Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” Filialning binolari va inshootlarini taʼmirlash-tiklash ishlarini bajarish boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar boʻlgan muddatda Filialning bino va inshootlari kapital taʼmirlanishi va rekonstruksiya qilinishi, shuningdek, zarur mebel, inventar, zamonaviy oʻquv hamda laboratoriya uskunalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

Ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabining Filialni joylashtirish uchun ajratiladigan bino va inshootlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilga moʻljallangan Investitsiya dasturida nazarda tutilgan kapital qoʻyilmalar limitlari doirasida mablagʻ ajratilishini taʼminlasin;

2020 yil va keyingi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Filial talabalari va oʻqituvchilari yashashi uchun 400 oʻrinli turar joy qurilishi boʻyicha loyiha belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.

12. Filialga ikkita avtotransport vositasi, shu jumladan, bitta xizmat avtomobili va bitta avtobusni saqlash uchun limit ajratilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yilda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida Filialning bino va inshootlarini taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun kapital qoʻyilmalar limitining yetishmayotgan qismini ajratsin.

13. Filialni jihozlash va faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, sport inventari, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar 2021 yil 1 yanvargacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona yigʻimlari bundan mustasno) ozod etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyurtmanomalariga koʻra mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va boshqaruv xodimlari, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Filialning buyurtmanomalariga koʻra Filialning xorijiy professor-oʻqituvchilari va boshqaruv xodimlariga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga davlat boji undirmagan holda koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini hamda ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 8 may

 
 

Поделиться