O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
2019-05-09 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda oʻsib borayotgan avlodni sogʻlom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, taʼlim-tarbiya jarayoniga samarali taʼlim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha taʼlimning samarali tizimini tashkil etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari sonini yanada oshirish va ular koʻrsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor boʻldi.
Shu bilan birga, olib borilgan tahlil, bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovini taʼminlash, maktabgacha taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish masalalarini hal etish zarurligini koʻrsatmoqda.
Maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarning sifatli maktabgacha taʼlimdan teng foydalanishini taʼminlash, maktabgacha taʼlim xizmatlarining nodavlat sektorini rivojlantirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3955-son qaroriga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutgan holda:
maktabgacha taʼlim sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish;
maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
bolalarning sifatli maktabgacha taʼlim bilan qamrovini oshirish, undan teng foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash, mazkur sohada davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
maktabgacha taʼlim tizimiga innovatsiyalarni, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
maktabgacha taʼlimni boshqarish tizimini takomillashtirish, maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish shaffofligi va samaradorligini taʼminlash;
maktabgacha taʼlim tizimiga maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga mutlaqo yangi yondashuvlarni joriy etish;
maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarning sogʻlom va balanslashtirilgan ovqatlanishini, sifatli tibbiy parvarishini taʼminlash;
b) Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019 yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;
v) 2019-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
g) 2025-2030 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Konsepsiya erishilgan natijalar, maqsadli koʻrsatkichlar va tegishli davrga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda har yili tasdiqlanadigan alohida “Yoʻl xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi:
har yili 1 dekabrga qadar oʻtayotgan yilning “Yoʻl xaritasi” bajarilishi yakunlarini batafsil oʻrganish asosida keyingi yil uchun “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
“Yoʻl xaritalari”ning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borsin.
3. Mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining har yillik parametrlarini shakllantirishda ajratiladigan byudjet mablagʻlari doirasida davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirish va ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun mablagʻlarni nazarda tutsin.
5. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A.Abduhakimovga – masʼul vazirliklar va idoralarning Konsepsiya hamda “Yoʻl xaritasi”ni bajarish boʻyicha faoliyati va oʻzaro hamkorligini samarali tashkil etish, “Yoʻl xaritalari” bajarilishini monitoring qilish davomida aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V.Shinga – Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻlaqonli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va tematik koʻrsatuvlar tashkil qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 8 may