O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Til, folklor, san’at va madaniyat uyg‘unligi
2019-05-08 | Madaniyat
Joriy yilning 7 may kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Folklor, til va madaniyat masalalarini ilmiy o‘rganishda fan va innovatsiyalar uyg‘unligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya tashkil etildi.
Tadbir institut hovlisida fakultet va kafedralarning o‘ziga xos ijodiy ko‘rgazmalari bilan boshlandi.
Tashrif buyuruvchilarga ta’lim muassasasida olib borilayotgan ishlar, talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari va turli elatlarning milliy urf-odatlari namoyish etildi.
Anjumanni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yuldashev ochib berdi.
Konferentsiyada tilshunos va adabiyotshunos olimlar tomonidan folklor san’ati, til va madaniyatimizning noyob namunalarini asrab-avaylash, rivojlantirish, ularni keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida til, folklor, san’at va madaniyatga hurmat, yuksak e’tibor tuyg‘ularini qanot yozishida ko‘maklashish hamda dunyo xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashning yangicha ulub va tamoyillari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til, adabiyot va folklori instituti akademigi To‘ra Mirzayev, Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti professori Umer Kuchukmehmeto‘g‘lu, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov va boshqalar so‘zga chiqib, til, adabiyot, san’at va folklorshunoslikning o‘zaro bog‘liqligi hamda bu yo‘nalishlarda olib borilayotgan salmoqli ishlar xususida fikr bildirishdi.
Bundan tashqari konferentsiyada respublikamizdagi boshqa oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, O‘zR FA ilmiy tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari, sohaga doir tashkilotlar mutaxassislari, xorijlik olimlar hamda ilmiy tadqiqotchi yoshlar ishtirok etishdi.