O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda zamonaviy ish uslublari
2019-05-08 | Jamiyat
Jinoyatchilikni barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda Andijon viloyati ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga «Namunali hudud» tajribasini yaratish doirasida “Profinspektor” dasturiy ta’minoti o‘rnatilgan mobil telefonlar topshirildi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ushbu mobil telefonlar orqali profilaktika inspektorlari biriktirilgan hududni monitoring qilish, tahliliy geoaxborot tizimi, statistikasi va nazoratini olib borish imkoniyatini beradi.
Mazkur dastur orqali olib borilayotgan profilaktik tadbirlar suratga tushirilib, ovozlar yozib olinadi. Shuningdek, hududda aniqlangan huquqbuzarliklar va sodir etilgan jinoyatlar qayd etilib, xarita bilan ishlash, ob'yektlar joylashuvi, kategoriyasi va koordinatalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritib boriladi. Dasturning yangi bir qulay tomoni jinoyat sodir etib, qidiruvda bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar olish mumkin, bundan tashqari avtomobillarni davlat raqami belgilari orqali qidirish imkoniyatlari ham mavjud. Bu yangi innovatsion tizim profilaktika inspektorlarining ish samaradorligini oshirishga, turli ma’lumotlar izlab xizmat hududidan chiqib ketish holatlariga chek qo‘yadi. Eng asosiysi, hujjatlar aylanmasida birmuncha soddalashtirish va elektron tizimga o‘tishga ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Andijon shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida zamonaviy mobil postlar hamda tashvish qurilmalarini o‘rnatish ishlari boshlandi. Hozirda 4 ta mobil postlar shaharning aholi ko‘p to‘planadigan Yangi shahar hududidagi Zahiriddin Muhammad Bobur va Eski shahar hududidagi Xotira va Qadrlash maydonlariga hamda Mangulik va Muqimiy ko‘chalariga o‘rnatildi. Tashkil qilingan mazkur postlar jamoat tartibini saqlashda hududni nazorat qilib borish orqali tegishli tashkilotlarga tezkor xabar yetkazish, shuningdek, fuqarolarga huquqiy maslahat berishda katta qulaylik tug‘diradi. Postlar kompyuter texnikalari, radio va telefon aloqasi, videonazorat qurilmalari va boshqa zarur uskunalar bilan ta’minlangan. Bu kabi mobil postlarni shaharning boshqa aholi gavjum joylariga ham o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Ushbu tadbir huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda Andijon viloyatining Andijon shahri va Xo‘jaobod tumanida “Namunali hudud” tajribasini yaratish doirasida amalga oshirilmoqda.