O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Robototexnika imkoniyatlar chegarasini ochadi
2019-05-07 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Yoshlar Ittifoqining Toshkent shahar Kengashi binosida “Robototexnika hamma uchun” mavzusida imkoniyati cheklangan yoshlar uchun tadbir boʻlib oʻtdi. Unda 101, 102, 106, 57 va 87-sonli maxsus internat maktablarining 100 nafarga yaqin oʻquvchilari ishtirok etdi.
Tadbir ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismda yoshlarga robototexnika tushunchasi va robotlar bilan ishlash, ularni yasashga oid tushunchalar berildi. Soʻng imkoniyati cheklangan yoshlar oʻrtasida robototexnika boʻyicha tanlov oʻtkazildi. 1-, 2- va 3-oʻrinni egallagan yoshlar diplom va sovgʻalar bilan taqdirlandi. Robotokonstruktorlik tanlovida ham gʻoliblar aniqlandi va ularga sovgʻalar topshirildi.
Tadbirning ikkinchi qismida bolalarga “Kimyo laboratoriyasi” shousi namoyish qilindi.
Hozirgi kunda robototexnika, innovatsiya va axborot texnologiyalariga qiziquvchi, havoskorlik darajasida robototexnika ishlanmalarini yaratish va sohani ommalashtirish bilan shugʻullanuvchi talaba va yosh pedagoglar hamda korxonalarning yosh mutaxassislari soni kundan-kun ortmoqda. Shunday ekan, mazkur pilot loyiha ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan yosh yigit-qizlarni jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilishga qaratilgan.