O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ko‘rik-tanlov davom etmoqda
2019-05-06 | Jamiyat
Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning intellektual salohiyati, siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosini, ularning noyob asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini chuqur o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Avval xabar berganimizdek, aynan shu maqsadda tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Yana bir bor eslatib o‘tamiz tanlovda 30 yoshdan oshmagan xodim va harbiy xizmatchilar hamda oliy ta’lim muassasalari kursantlari ishtirok etishlari belgilangan.
Kuni kecha mazkur tanlov Andijon va Xorazm viloyatlarining Ichki ishlar boshqarmalari xodimlari o‘rtasida ham o‘tkazildi.
Andijon viloyatidagi tanlovda bo‘lib o‘tgan jiddiy bellashuvlardan so‘ng faxrli birinchi o‘rinni Andijon viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi xizmat o‘tashni tashkillashtirish bo‘limi inspektori katta leytenant Ixtiyor Abdullayev egalladi. Ikkinchi o‘rin viloyat IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori leytenant Muzaffar Axmedov va uchinchi o‘rin Xo‘jaobod tumani Ichki ishlar bo‘limi Tergov bo‘linmasi surishtiruvchisi katta leytenant Salohiddin Isayevlarga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatli sovg‘alar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov tomonidan topshirildi.
Xorazm viloyatidagi tanlovda esa oliy o‘rinni Shovot tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori leytenant Mashhura Sa’dullayeva qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Urganch shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xodimi kapitan Doniyor Iskandarov faxrli ikkinchi o‘rinni, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi 11-son tergov hibsxonasi tartibot va qo‘riqlash bo‘limi nazoratchisi safdor Donish Rajabov esa uchinchi o‘rinni egalladi. Tanlov g‘oliblari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan diplom va qimmatbaxo sovg‘alar hamda kitoblar bilan taqdirlandi.
Tanlov shartlariga binoan viloyat bosqichlarida oliy o‘rin egallagan xodimlar ko‘rik-tanlovning Vazirlik bosqichiga yo‘llanma oldilar.