O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda rus tiliga Oʻzbekistonda rasmiy til maqomini berish haqidagi munozaralar yuzasidan
2019-05-06 | Jamiyat
Maʼlumot uchun: YUNESKO tashkiloti ekspertlari 1953 yilda “davlat tili” va “rasmiy til” tushunchalarini farqlashni taklif etgan. Unga koʻra:
Davlat tili - siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda maʼlum bir davlatda integratsiya (birlashtiruvchi) vazifasini amalga oshiradigan, shuningdek ushbu davlatning ramzi sanaladigan tildir.
Rasmiy til – davlat boshqaruvi, qonunchilik, sud jarayoni tilidir.
Ushbu ikki taʼrif tushuntirish-tavsiya sifatida qabul qilinadi, barcha mamlakatlar uchun majburiy emas.
Oʻzbekiston – koʻp millatlik davlat. Respublikada 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi.
Oʻzbekiston aholisining 80 foizdan ortigʻini oʻzbeklar tashkil etib, ularning umumiy aholi sonidagi ulushi muntazam oshib bormoqda. Shuningdek, boshqa millatlarning katta jamoalari ham mavjud. 10 foizdan ortigʻi – Markaziy Osiyo xalqlarining boshqa vakillari (5 foizga yaqini – tojiklar, 3 foizga yaqini – qozoqlar, 2 foizi – qoraqalpoqlar, 1 foizi - qirgʻizlar, shuningdek turkmanlar va boshqalar). Rus va boshqa slavyan xalqlari vakillari respublika aholisining 10 foizini tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonuniga (yangi tahrir) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi. Fuqarolar millatlararo muomala tilini oʻz xohishlariga koʻra tanlash huquqiga egadirlar.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat tillariga hurmat koʻrsatiladi va ularning rivoji uchun sharoitlar yaratadi. Ommaviy axborot vositalari Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi millat va elatlarning bir necha tillarida efirga uzatiladi va chop etiladi.
Shuningdek, ish yuritish va kundalik foydalanishda tillarni tanlash va ishlatish bilan bogʻliq muammolar mavjud emas. “Davlat tili toʻgʻrisida” gi Qonunga binoan korxonalarda ish yuritish va boshqa hujjatlar, notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi, zurur hollarda rus tilida yoki boshqa tillarda amalga oshirilishi ham mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi taʼminlanadi.
Davlat tili hamda zamonaviy Oʻzbekiston hududida keng tarqalgan va huquqiy maqomiga oʻzgartirishlar kiritilgan rus tili bilan bir qatorda hududlarda boshqa tillardan ham foydalanib kelinadi. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasida qoraqalpoq tili ham rasmiy til hisoblanadi. Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida esa aholining aksar qismi etnik tojiklar boʻlib, u yerda tojik tilida taʼlim olib boriluvchi 24 ta maktab, 2 ta litsey va 2 ta kasb-hunar kolleji mavjud. Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Namangan va boshqa hududlarda tojik tilidagi OAV, maktablar, litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalarining boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda. Toshkent va Navoiy viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida qozoq tilida oʻqitiladigan maktablar va oliy taʼlim muassasalarining boʻlimlari mavjud. Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida turkman tilida taʼlim beriluvchi maktablar faoliyat koʻrsatmoqda.
Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni hisobga olgan holda, “Yuksalish” umummilliy harakati maʼlum bir tilga Oʻzbekiston hududida maxsus maqom berilishini maqsadga muvofiq deb hisoblamaydi. Chetdan kirib kelayotgan har qanday xorijiy til taʼsiri ona tili va milliy madaniyatga soya solishi mumkin. Misol uchun, Shvetsiyada ingliz tilidan faol foydalanish natijasida turli soha faoliyatida shved tilidan foydalanilmay qoʻyildi. Shved tili davlat tili sifatida yoʻqolib bormoqda. Mustamlakachilik tarixiga ega boʻlgan koʻplab mamlakatlarda eski mustamlaka tillari ijtimoiy hayot tili hisoblanadi, ona tili esa faqatgina uyda foydalanish va norasmiy kundalik aloqada qoʻllaniladi.
Bundan tashqari, koʻp millatli Oʻzbekistonda yuridik jihatdan maʼlum bir tilga davlat tiliga teng boʻlgan maxsus maqom berilishi jamiyatda qandaydir darajada keskinlik, uning boʻlinishi va etnik qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishi mumkin.
Boshqa tillarni bilmaslikni yetarlicha baholamaslik zararli va progressiv rivojlanish jarayonini sekinlashishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, biz bugungi kunda zamonaviy oʻzbek tili, shu jumladan adabiy til qanday oʻzgarayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Oʻzbek tiliga chet tillardan boshqa soʻzlarning kirib kelishi, kelib chiqishi va shakllanishi chuqur ildizga ega oʻzbek tilining tarixiy ahamiyati yoʻqolib borayotganini koʻrish mumkin.
Davlatlar oldiga yoʻnalishlar va zamonaviy global jarayonlarga qoʻshilish vazifasini qoʻyayotgan mintaqalashuv va globallashuv davrida anʼanaviy qadriyatlar hamda milliy va madaniy oʻziga xoslikni saqlab qolish kabi muhim jihatlarning jamlanmasi insoniyat rivojining asosiy omili hisoblanadi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati