O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-05-05 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda istiqbolli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning ilm egallashga boʻlgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini takomillashtirish zarurati mavjud.

Yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni oʻzlashtirishga boʻlgan ragʻbatini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrugʻini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimining belgilangan shtatlar soni doirasida ushbu vazirlik tuzilmasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilansin:

iqtidorli oʻquvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan taʼminlab borish, sohada ilgʻor tajribalarni ommalashtirish va ular asosida taʼlim muassasalari uchun tavsiya va qoʻllanmalar ishlab chiqish;

umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida mahalliy va xalqaro, shu jumladan, nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish, ularning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini taʼminlash;

yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda olimpiadalar uchun doimiy yangi nazorat materiallarini ishlab chiqish;

xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, olimlar, professor-oʻqituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlash, ingliz tili va rus tili fanlaridan muloqot qilish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish;

olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli oʻquvchilarning kelgusidagi faoliyatini monitoring qilib borish va qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish.

3. Quyidagilar:

Gʻoliblari davlat oliy taʼlim muassasalariga test sinovisiz va qoʻshimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda – xalqaro olimpiadalar) 1-ilovaga muvofiq;

2019 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻtkaziladigan qoʻshimcha respublika olimpiadalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda davlat taʼlim standartlari oʻquv dasturlari va rejalarida belgilangan fanlar hamda ularga ajratilgan oʻquv soatlaridan kelib chiqqan holda asosiy olimpiadalar oʻtkaziladigan fanlar roʻyxatini tasdiqlasin.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:

asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3 oʻrinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalarigakirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan olimpiada gʻoliblariga “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktiriladi.

5. Belgilansinki:

a) xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-oʻrin (oltin medal) uchun – 500, oʻqituvchisiga –450 baravari;

2-oʻrin (kumush medal) uchun – 300, oʻqituvchisiga –250 baravari;

3-oʻrin (bronza medal) uchun – 200, oʻqituvchisiga –150 baravari;

b) asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblarining oʻqituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-oʻrin uchun – 50 baravari;

2-oʻrin uchun – 35 baravari;

3-oʻrin uchun – 30 baravari;

v) xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar va taʼlim muassasasi direktorlariga navbatdagi oʻquv yili uchun direktor jamgʻarmasidan oltin, kumush va bronza medallari boʻyicha tegishincha qoʻshimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama toʻlanadi;

g) taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan:

xalqaro olimpiadalar gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz;

asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi toʻlanadi;

d) oliy taʼlim muassasasini tamomlagan olimpiada gʻoliblari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

6. Departament Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 4-11 sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari uchunhar chorakda onlayn tarzda olimpiadalar tashkil qilish orqali iqtidorli oʻquvchilar zaxirasini shakllantirsinhamda zaxiraga kiritilgan yoshlar uchun Xalq taʼlimi vazirligi veb-sayti orqali har oyda chuqurlashtirilgan nazorat materiallari, shu jumladan, test, yozma ishlar uchun masalalar yetkazib borilishini taʼminlasin.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

a) asosiy olimpiadalarni tashkil qilish hamda xalqaro olimpiadalar uchun ishtirokchilarni saralash va tayyorlash xarajatlari:

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;

b) oʻquvchi yoshlarning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini taʼminlash bilan bogʻliq, shu jumladan, sutkalik, yashash va transport xarajatlari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;

v) asosiy va xalqaro olimpiada gʻoliblari hamda ularning oʻqituvchilariga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotlari hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan olimpiadalar gʻoliblari lavozim maoshiga toʻlanadigan ustama haqlari bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:

Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2019 yil 1 avgustga qadar barcha bosqichdagi olimpiadalar boʻyicha maʼlumotlar, shu jumladan, olimpiadalar uchun tanlangan nazorat materiallari, iqtidorli oʻquvchilar zaxirasi, olimpiada ishtirokchilari, gʻoliblari, ularga biriktirilgan oʻqituvchilar hisobini yurituvchi axborot tizimini ishga tushirsin;

bir oy muddatda Departament zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va yuqori professional darajada bajarishga qodir malakali, chuqur bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega xodimlar bilan toʻldirish, moddiy-texnika bazasini shakllantirish choralarini koʻrsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tarkibida oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda oʻquvchi-yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etishiga qoʻshimcha sharoitlar yaratish maqsadida oliy taʼlim muassasalari tomonidan har yili oʻtkaziladigan oliy taʼlim muassasalari olimpiadalarining reja-jadvalini tasdiqlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, oʻtkazish va xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

iqtidorli oʻquvchilar zaxirasiga kiritilgan oʻquvchi- yoshlar olimpiadalarning toʻgʻridan-toʻgʻri viloyat bosqichida qatnashishi, olimpiadalarning viloyat va respublika bosqichi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazilib, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi veb-sayti orqali onlayn tarzda toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilishi;

olimpiadalar ochiq va shaffof tarzda oʻtkazilishi, natijalari ular oʻtkazilgan kunning oʻzida eʼlon qilinishi;

oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan olimpiada gʻoliblariga “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarning biriktirilishi;

asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblariga davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini taqdim etuvchi sertifikat berilishi;

barcha bosqichdagi olimpiada natijalari, shu jumladan, ishtirokchilar toʻgʻrisida maʼlumot, ularning yozma ishlari toʻliq axborot tizimiga kiritilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi veb-saytida eʼlon qilinishi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3931-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartish kiritilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini keng koʻlamda yoritishni tashkil etsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvahitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 3 may

Поделиться