O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirining Ichki ishlar vazirligiga tashrifi
2019-05-03 | Siyosat
2-may kuni O’zbekiston Respublikasi IIVda Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vaziri Fu Chjenxua boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Tadbirda delegatsiya tarkibida XXRning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan, XXR JXVning mamlakatimizdagi rasmiy vakili Lyu Tunpin va boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etdi. Mehmonlarni O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonov qabul qildi.
Vazir P.Bobojonov yig’ilganlarga murojaat etar ekan, jumladan, janob Fu Chjenxua butun umrini Xitoy xalqining tinchligi va osoyishtaligini saqlash ishiga baxshida etganini, ayni paytda ham yuqori davlat lavozimida rahbarlik qilib, o’z printsiplariga sodiq qolganini ta’kidlab o’tdi. Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o’rtasidagi hamkorlik aloqalarning butun bir majmuini qamrab olgan bo’lib, do’stona va o’zaro manfaatli xususiyatga ega. Ushbu hamkorlik davlatlarimizning milliy manfaatlariga, iqtisodiy rivojlanishiga, shuningdek, dunyo hamjamiyatida o’z nufuziga ega bo’lishiga xizmat qilib, dadillik bilan rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz rahbarlarining yaqinda Pekinda bo’lib o’tgan «Bir makon, bir yo’l» forumi doirasidagi uchrashuvi hamkorlikning yangi istiqbollariga yo’l ochdi, bu esa birdamligimizga bo’lgan qat’iy ishonchni mustahkamlaydi. O’zbekiston va Xitoy xalqaro va mintaqaviy tusdagi dolzarb masalalar bo’yicha o’xshash pozitsiyalarni birlashtiradi. Yuqori darajadagi, jumladan, ShHT doirasidagi tashrif va uchrashuvlar almashinuvi muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Bu borada O’zbekiston Respublikasi IIV va XXR JXV o’rtasidagi hamkorlik o’zaro samarali munosabatlarning namunasidir.
O’z o’rnida, XXR Adliya vaziri Fu Chjenxua samimiy qabul va ko’rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi munosabatlar rivojlanishning ijobiy tendentsiyasiga ega ekanini ta’kidlab o’tdi. U XXR Adliya vazirligi tuzilmasi, qonun ustuvorligini ta’minlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga qaratilgan rivojlanish yo’nalishlari va yangilanishlar haqida so’zlab berdi.
Muloqot chog’ida Xitoy delegatsiyasi a’zolari O’zbekistonda, jumladan, IIV tizimida amalga oshirilgan keng miqyosli islohot va yangilanishlar bilan tanishdi. Bunda ular respublika IIV JIEBB tizimida amalga oshirilayotgan inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi istiqbolli yo’nalishlar, mazkur tuzilma tizimidagi yangilanishlar haqida ma’lumotga ega bo’lishdi.
Uchrashuv davomida ko’plab dolzarb masalalar muhokama qilindi.