O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston delegatsiyasi Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik muloqoti Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etdi

2019-05-03 | Siyosat

2019-yilning 30-aprel – 2-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov boshchiligidagi delegatsiya Doha shahrida (Qatar Davlati) bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik muloqoti Tashqi ishlar vazirlari kengashining (OHM TIVK) 16-majlisida ishtirok etdi.

Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari turli jabhalarda samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangicha yechimlarni hamda “OHM nigohi – 2030”ga binoan Osiyo xalqlarining umumiy intilishlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida barqaror rivojlanishning ijtimoiy va iqtisodiy strategiyasi masalalarini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari nutqida mamlakatimizning Osiyoda hamkorlik muloqoti rolini oshirishni izchil qo‘llab-quvvatlashi, OHMning maqsadlari O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan zamonaviy siyosat yo‘nalishiga mos kelishi qayd etildi.

Bugun O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Markaziy Osiyoni rivojlantirish masalalari haqida gapira turib, Ilhom Ne’matov quyidagilarga to‘xtalib o‘tdi:

“O‘zbekiston Prezidentining chuqur o‘ylangan siyosiy yo‘nalishi natijasida so‘nggi yillarda mintaqada yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va oqilona murosa asosida hamkorlik sezilarli o‘sdi. Davlat chegaralarini delimitatsiya qilish, suv va energetika resurslaridan, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish va shu kabi boshqa eng murakkab va chigal masalalar bo‘yicha tomonlarga maqbul yechimga erishilishi O‘zbekiston konstruktiv tashqi siyosatining aniq natijalari hisoblanadi.

Dunyo ekspertlarining bergan baholariga ko‘ra O‘zbekistonning ochiq siyosat yuritayotgani natijasida tarixan qisqa muddatlarda Markaziy Osiyo davalatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mintaqada mutlaqo yangi, sog‘lom vaziyat, do‘stona muhit va qulay sharoit vujudga keldi”.

TIVK doirasida “Kichik va o‘rta biznes – barqaror iqtisodiy farovonlikning yangi harakatlantiruvchi kuchi” mavzusidagi biznes-forum o‘tkazildi.

OHM TIVK 16-majlisi yakunida Osiyoda hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbollari borasidagi umumiy qarashlarni o‘zida aks ettirgan Doha deklaratsiyasi qabul qilindi.

Qatar Davlati rahbari nomidan tashkil etilgan rasmiy tadbir chog‘ida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning Amir Tamim bin Hamad Ol Taniy bilan qisqa suhbati bo‘lib o‘tdi. Amir Prezident Sh.M.Mirziyoyevga samimiy salomlarini va ezgu tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘radi. U O‘zbekiston Qatar uchun Markaziy Osiyodagi asosiy davlat va istiqbolli sherik hisoblanishini ta’kidladi.

Tashrif doirasida Doha shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi Qatar Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Taniy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Qatar kun tartibining kompleks masalalari muhokama qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa jabhalardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga asosiy e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarni, Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish, Ishbilarmonlar kengashini va hamkorlikning boshqa institutlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Qatar taraqqiyot fondi rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda Orolbo‘yi uchun ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondiga hamda O‘zbekistonda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun Fond moliyaviy mablag‘larini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

“GWC” Qatar logistika kompaniyasi rahbari bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, neft va gaz sohalarida va boshqa tarmoqlarda zamonaviy logistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni o‘rnatish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Поделиться