O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari
2019-05-02 | Jamiyat
Toshkentda 2 may kuni Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasida mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumiga a’zo davlatlarning 11-uchrashuvi o‘z ishini boshladi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, shuningdek, Ozarbayjon, Rossiya davlatlari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Aga Xon rivojlanish tashkiloti delegatsiyalari ishtirok etdi.
Anjumanda giyohvand moddalar savdosi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va siyosiy rivojlanishning o‘ziga xos, milliy xususiyatlari asosida taraqqiy etib kelayotgan bo‘lsa-da, xavfsizlikka tahdid soluvchi ko‘plab xavf-xatarlarga qarshi kurashishda umumiy yondashuvga ega. Afg‘onistondagi notinchlikka barham berish, mintaqada giyohvand vositalarning tarqalishi, transmilliy jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish shular jumlasidan.
Afg‘onistonda uzoq yillardan buyon davom etayotgan siyosiy beqarorlik sabab giyohvand moddalar yetishtirish hajmi ortib, transmilliy jinoyatlar noqonuniy qurol savdosi, tabiiy resurslar va inson omili hisobiga kengayib bordi. Bu, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo mintaqasi va butun dunyo uchun terrorizm tahdidlarini kuchaytirib, mintaqada barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdek yakdil intilishlarga to‘siq bo‘lmoqda.
Shu bois o‘tgan yillar davomida mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyat Afg‘onistondagi mojarolarga barham berish, ichki va tashqi terrorizm tahdidlarining o‘zgaruvchan tabiatiga qarshi choralar ko‘rishda faol hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi mintaqaviy sa’y-harakatlarni yanada kengaytirishda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, xususan, Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasida mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi.
Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasida mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi 1996 yilda Toshkentda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlari vakillari tomonidan imzolangan. Rossiya va Aga Xon rivojlanish tashkilotining 1998 yilda, Ozarbayjonning esa 2001 yilda mazkur hujjatga qo‘shilishi bilan turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik geografiyasi kengayib, faoliyat doirasi amaliy mazmun bilan boyib bordi.
Bugungi kunda memorandumga a’zo davlatlar ushbu hujjat va xalqaro huquqiy asoslar doirasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullaev, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal va boshqalar so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu formatdagi hamkorlik Markaziy Osiyo mintaqasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish, yangi turdagi psixotoksik moddalar tarqalishining oldini olish, ushbu jarayonlarni va terrorizmni moliyalashtirishdagi oqimlarga qarshi kurashish, mintaqaviy hamkorlikdagi yangi tendensiyalarni belgilashda muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yilda Samarqandda o‘tkazilgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha xalqaro konferensiya, O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi bu boradagi intilishlarni amaliy mazmun bilan boyitish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xavfsizlikni ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlash masalalariga barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi ustuvor vazifa sifatida yondashiladi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, bugungi tadbir giyohvand moddalar savdosi, uning noqonuniy aylanishi va turli tahdidlarga qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, o‘zaro manfaatli chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Majlis o‘zaro ishchanlik va konstruktiv ruhda, ekspertlar ishtirokidagi davra suhbatlarida davom etdi.
Delegatsiya a’zolari transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishdagi milliy sa’y-harakatlar bo‘yicha ma’lumotlar almashishdi. Mintaqada giyohvand moddalarning tarqalishi va tranzit qilinishiga barham berishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda kun tartibidan o‘rin olgan qator masalalar, xususan, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish, yangi turdagi psixotoksik moddalar tarqalishining oldini olish, ushbu jarayonlarni va terrorizmni moliyalashtirishdagi oqimlarga qarshi kurashish, mintaqaviy hamkorlikdagi yangi tendensiyalarni belgilashdek ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Ulug‘bek Shonazarov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA