O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston mudofaa vazirining 2019—2020-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan qo‘shinlarga murojaati
2019-05-02 | Ta’lim
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar,
Qurolli Kuchlar xizmatchilari va faxriylari!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida yangi 2019—2020-o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoevning tashabbuslari bilan mudofaa qurilishi sohasida olib borilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi – milliy armiyamizning jangovar qudrati va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mamlakat mudofaa qobiliyatini oshirish hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, 2018-yil 28-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan majlisida Prezidentimiz tomonidan armiyamizning jangovar salohiyatini yanada yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgani mazkur islohotlarning bardavomligidan dalolatdir.
Bugun qo‘shinlarda yangi 2019—2020-o‘quv yilini “Jangovar ruhni mustahkamlash hamda jangovar va kasbiy tayyorgarlikni oshirish – har bir harbiy xizmatchining vazifasidir!” shiori ostida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik tadbirlarini yuqori uyushqoqlik bilan boshlamoqdamiz.
Yangi o‘quv yili davomida shaxsiy tarkibning jangovar va axloqiy-ruhiy tayyorgarligi, qurol-aslaha, harbiy texnika va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan mohirona foydalanish ko‘nikmalarining oshirilishiga, ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish va qo‘shinlar faoliyatiga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Hurmatli harbiy xizmatchilar!
Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi xavf-xatarlar, davlatimiz xavfsizligiga qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab davrda har bir harbiy xizmatchi o‘zining jangovar va kasbiy tayyorgarligi, ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirib borishi o‘ta muhim ahamiyatga egadir.
Shu bilan birga, qo‘shinlarda jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik tadbirlarini samarali tashkil qilishda komandirlarning nazariy va amaliy bilimlari, tajribasi, etakchilik qobiliyati, fidoyiligi hamda o‘z burchiga sodiqligi alohida o‘rin tutadi.
Shu bois “Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘z mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiq ekanligini isbotlashi shart” degan tamoyil faoliyatimizni baholashning asosiy mezoni bo‘lib qolmog‘i lozim.
Joriy yildan boshlab Harbiy Qasamyod qabul qilgan askarlarga Prezidentimiz nomidan “Temur tuzuklari” hamda “O‘zbekiston tarixi” kitoblari sovg‘a qilindi. Ushbu kitoblarni qunt bilan o‘rganish kelgusida ularda mardlik, jasorat, Vatanga mehr va sadoqat, milliy g‘urur tuyg‘ularini oshirishga xizmat qiladi.
Ulug‘ ajdodlarimiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarning jangovar mahorati hamda zamonaviy harbiy san’atning sir-asrorlarini chuqur o‘rganish hamda mohirona qo‘llashga doimo shay turish eng muhim burchimiz ekanligini anglab etishimiz lozim.
O‘z navbatida, Mudofaa vazirligi rahbariyati va harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonliklari tomonidan harbiy shaharchalar infratuzilmasini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Ushbu qutlug‘ kunda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan Siz, azmu shijoatli o‘g‘lonlarimizga xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlaringiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarning mardonavor xizmatingiz tufayli mamlakatimiz mudofaa qudrati mustahkam, osmonimiz musaffo, yurtimiz obod, xalqimiz hayoti tinch va farovondir.
Boshlangan yangi 2019—2020-o‘quv yilida Sizlarga jonajon Vatanimizni himoya qilishdek sharafli vazifani chin yurakdan ado etishda sog‘lik-omonlik, yuksak shijoat, mustahkam iroda va muvaffaqiyatlar tilayman.
General-mayor Bahodir QURBONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri