O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2019-05-02 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlantirishning eng muhim shartlari hisoblanadi.
Ichki bozordagi ehtiyojlar hajmlarining tahlili davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini amalga oshirish orqali sanoat kooperatsiyasini va talab yuqori bo‘lgan tovarlarning alohida turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish uchun foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar respublika sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning uzoq muddatga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblansin:
sanoat mahsulotlari bozorining barcha qatlamlaridagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni maqsadli jalb qilish, barcha manfaatdor doiralarga respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining turlari, texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berish orqalidasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish va muntazam ravishda sanoat yarmarkalari o‘tkazish;
hamkorlar topish, xo‘jalik, shu jumladan, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishning muhim vositasi sifatida elektron kooperatsiya portalining faoliyatini tashkil etish, unda sanoat mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha xo‘jalik shartnomalarini (kontraktlarni) tezkorlik bilan masofadan tuzish imkoniyatini taqdim qilish;
texnoparklar va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, davlat xaridlari tizimi orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun barqaror talabni shakllantirishni nazarda tutadigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish.
2. 2019 yilda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘zlashtirilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi turlari ro‘yxati(keyingi o‘rinlarda – Ro‘yxat) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra har yarim yilda kamida bir marta quyidagi takliflar asosida yangilanadi:
respublika mintaqalarining tabiiy, mineral-xomashyo, ishlab chiqarish va mehnat salohiyati, tegishli infratuzilmasi, import qilinayotgan mahsulotlar hajmlari, tarkibi va nomenklaturasi, shuningdek, ishga tushirilayotgan yirik ishlab chiqarish quvvatlarining istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining takliflari;
tashqi bozorlar kon’yunkturasiga muvofiq ravishda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining takliflari;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar, shu jumladan, har yili o‘tkaziladigan Xalqaro innovatsiya yarmarkasi davomida taqdim etilgan innovatsion g‘oyalar asosidaO‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining takliflari;
monopollashuv va raqobat muhitini rivojlantirish, o‘zaro bir-birining o‘rnini to‘ldiruvchi tovarlar va narx omilini inobatga olgan holda ichki bozorning tovarlar bilan to‘yinganligi darajasini baholash asosida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining takliflari.
3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Ro‘yxatga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun, shu jumladan, To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokida investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash tizimini eksperiment tariqasida joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
a) foydalanilmayotgan bino va inshootlar negizida yangi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, texnoparklarni qurish;
b) avvalo, Ro‘yxat bo‘yicha yangi mahsulot turlarini tayyorlovchi ishlab chiqarishlarni joylashtirgan holda “Toshkent mexanika zavodi” AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark tashkil etish;
v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan loyihani amalga oshirish uchun olingan kreditning 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdoriga kafillik berish va Ro‘yxat bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlarining foiz stavkalarini 5 foizgacha qoplash shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini amalga oshirish.
5. “Toshkent mexanika zavodi” AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark tashkil etishning moliyalashtirish manbalari etib 2019 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida zarur infratuzilmani barpo etish uchun nazarda tutilgan 50 milliard so‘m miqdoridagi markazlashgan mablag‘lar belgilansin.
6. Mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va sanoat mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha komissiyaning (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Komissiyaning ishchi organi etib O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi belgilansin.
7. Komissiyaga (B.A.Xodjaev):
talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar, shu jumladan, iste’mol tovarlarining ro‘yxatini, mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish mexanizmlarini belgilash, ular asosida ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini har yili tasdiqlanadigan manzilli ro‘yxatlarga kiritish;
Ro‘yxatda ko‘rsatilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rgan holda, ushbu jarayonlarni monitoring va nazorat qilish, shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi berilsin.
8. 2019 yil 1 iyuldan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) mahalliy yetkazib beruvchilarning ishtirokini va narx shakllanishida shaffoflikni ta’minlash uchun davlat buyurtmachilari tomonidan import tovarlarni xarid qilish to‘g‘risidagi istaklar davlat xaridlari maxsus axborot portalida ham joylashtiriladi;
b) uch yoki undan ortiq ishtirokchilar – mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘lgan taqdirda davlat xaridlari buyurtmachining tanloviga ko‘ra mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida amalga oshirilishi mumkin;
v) buyurtmachilarga Ro‘yxatdagi mahsulotlarni xarid qilishda investorga, sifat bo‘yicha, kelishilgan texnik va narx ko‘rsatkichlariga amal qilish sharti bilan, yetkazib berish vaqtidan boshlab ikki yil davomida mahsulotning davlat xaridlari tizimi orqali sotib olinishiga kafolat taqdim etuvchi maxsus kontraktlarni tanlov tartib-taomillari orqali tuzish huquqi beriladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ bilan birgalikda olti oy muddatda davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya portalini ishlab chiqsin va uni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlasin. Unda quyidagi imkoniyatlar nazarda tutilsin:
a) bir necha mezonlar va ko‘rsatkichlar bo‘yicha izlash imkoniyatiga ega bo‘lgan, muntazam yangilab boriladigan hamda quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qamrab oluvchi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va joylashtirish:
10 ta belgidan iborat TIF TN kodlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda har bir mahsulot turi bo‘yicha tovar bozorining hajmi (ishlab chiqarish, import, eksport hajmi) to‘g‘risida;
mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot nomenklaturasi, uning texnik va narx ko‘rsatkichlari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini o‘rnatish bo‘yicha takliflarni aks ettirgan holda, ushbu korxonalarto‘g‘risida;
davlat va korporativ buyurtmachilar, shuningdek, strategik xaridorlar ehtiyojlarini qondirish maqsadida kelgusi davr uchun xarid rejalari va reja-grafiklar to‘g‘risida;
mahalliy korxonalar negizida ishlab chiqarish tavsiya etilayotgan o‘zlashtirilishi istiqbolli mahsulot turlari to‘g‘risida;
b) korxonalar tomonidan kerakli shakllar onlayn rejimda mustaqil to‘ldirilishi orqalimahalliy korxonalar uchun axborotni ma’lumotlar bazasiga bepul kiritish imkoniyati;
v) korxonalar, yetkazib beruvchilar va davlat organlari o‘rtasida interaktiv hamkorlik qilish imkoniyati;
g) portalning statistika, bojxona, soliq va moliya organlarining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashganligi.
Belgilab qo‘yilsinki, Ro‘yxat elektron kooperatsiya portalida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining rasmiy veb-saytida bepul asosda majburiy ravishda e’lon qilinadi.
10. Quyidagilar elektron kooperatsiya portaliga tegishli axborotlar to‘g‘ri va haqqoniy kiritilishi va uni o‘z vaqtida yangilab borilishi uchun mas’ul etib belgilansin:
respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining hajmi va texnik parametrlari yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zstandart” agentligining hududiy bo‘linmalari;
sanoat mahsulotlari importi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi;
kelgusi davr uchun davlat xaridlarining reja-grafiklari va davlat xaridlarining o‘tgan yildagi amaldagi hajmi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, ustav fondi (kapitali)dagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar;
mahalliy korxonalar negizida ishlab chiqarish tavsiya etilayotgan o‘zlashtirilishi istiqbolli mahsulot turlari yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
ushbu qarorning 10-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning elektron kooperatsiya portaliga o‘z vaqtida va to‘liq kiritilishi ustidan nazoratni ta’minlasin;
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Sanoat yarmarkalarini va elektron kooperatsiya portali faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda elektron kooperatsiya portaliga kiritiladigan, shu jumladan, respublikada ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ehtiyojlari uchun import qilinadigan (TIF TN kodi 10 ta belgidan iborat) mahsulotlarning hajmi va texnik parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. Quyidagilarga:
iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A.Xodjaevga – sanoat sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, Ro‘yxatga kiritilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar ishlab chiqarishni rivojlantirish jarayonini muvofiqlashtirish, shuningdek, elektron kooperatsiya portalining faoliyat ko‘rsatishi, iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish bo‘yicha eksperimentni samarali amalga oshirish yuzasidan;
investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqovga –investorlarni izlash va ularni erkin iqtisodiy zonalarga joylashtirish, birinchi navbatda, Ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish yuzasidan;
“O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ raisi F.F.Ibragimovga – elektron kooperatsiya portalini yaratish va uning davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashuvini ta’minlash yuzasidan;
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikromovga – respublikada ishlab chiqarilayotgan tovarlar, ishlar va xizmatlarning sanoat yarmarkasini tashkil etish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni xarid faoliyatiga jalb qilish, xarid qilish operatsiyalarining doimiy ravishda yangi tashkil etilayotgan elektron kooperatsiya portali orqali o‘tkazilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
13. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu qarorning mohiyati va qoidalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi:
bir oy muddatda “Toshkent mexanika zavodi” AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
bir oy muddatda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan birgalikda mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va talab yuqori bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga xarid qilish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, ularning shaffofligini oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni kiritsin;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev
Toshkent shahri, 2019 yil 1 may