O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda “MDH – Islom bankchiligi va moliyasi bo‘yicha forum – 2019” davom etmoqda
2019-05-02 | MDH
Forum doirasida 3-4 may kunlari “Islom bankchiligi, takaful va islom mikromoliyasi” mavzusida seminarlar o‘tkaziladi. Ushbu forum va ikki kunlik seminar “Al Huda” islom bankchiligi va iqtisodiyoti markazi, “Sheikh Ahmed Bin Obeid Al Maktoum” xalqaro investitsion kompaniyasi hamda Islom taraqqiyot bankining ICD tarmog‘i bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Forumda islom bank - moliya sohasidagi tarixiy voqealar, global g‘oya va yo‘nalishlar, takaful (islom sug‘urtasi), O‘zbekistonning islom bank - moliya tarmog‘ini rivojlantirishdagi imkoniyatlari va bu yo‘nalishdagi aniq vazifalar xususida so‘z yuritilmoqda. Ayni vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Tojikistonda bu borada qilinayotgan ishlar bilan qiziqdik. "Imon" mikrokredit jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi Gulnora Mahkamova quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Ayni vaqtda Islom moliyalash tizimi barcha banklar va moliya muassasalari uchun yangi tizim, – deydi G.Mahkamova. – Shundan bo‘lsa-da, unga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Vaholanki, bunda islom moliyasining talablari eng avvalo hamkorlikka asoslangan. U tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Rivojlanish istagidagi har bir davlatga bu kabi iqtisodiy xizmatlar juda ham kerak. Tojikistonda ham bundan uch yil oldin islom banki to‘g‘risida qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, uni rivojlantirish va bunday mahsulotlarni ommalashtirishga erishganimiz yo‘q. Chunki, bizda bu sohada bilimli kadrlar yo‘q. Agarda birinchi o‘rinda kadrlarni tayyorlab, ularning malakasini oshirmasak, islom moliyasi tarmoqlari va mahsulotlarini taqdim etishda kamchilikka yo‘l qo‘yishimiz mumkin.
Shuni e’tiborga olib, ayni vaqtda biz soha vakillarini Pokiston, Malayziya, Qozog‘iston kabi davlatlarda malakasini oshirdik. Hozirda islom moliyasi darchasini ochish arafasidamiz. Tojikiston milliy banki bu boradagi barcha hujjatlarni tayyorlab bo‘ldi. Yaqinda, malakali, xorijda mahoratini oshirgan kadrlarimiz ko‘magida islomiy xizmatlar va mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshlaymiz. Buning uchun letsenziya olsak bo‘ldi.
Qayd etish joizki, forum ishtirokchisi, yurtimizdagi bir qator, xususan, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Tadbirkor ayol” va “Hamkorbank” kabi tashkilotlar bilan bir necha yildan buyon do‘stona hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan ekan. Shu bois keyingi yillarda chegaralar ochilib, ikki davlat o‘rtasida munosabatlar yaxshilanganidan juda quvongani haqida ham so‘zlab berdi.
Forum davom etmoqda. Biz omonatga pul qo‘yish sudxo‘rlikmi? Islom banklarida bu qanday amalga oshiriladi? Kabi savolga javob izlab ko‘rdik.
Sayyora Shoeva, Yoqub Meliboev, (surat), O‘zA