O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – BMT hamkorligi mustahkamlanadi
2019-05-02 | Jamiyat
2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Giyohvand moddalarni nazorat qilish borasidagi mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi ishtirokchi davlatlarining 11-uchrashuvida qatnashish uchun yurtimizga tashrif buyurgan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotov bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, suhbatda O‘zbekiston bilan BMT institutlari, jumladan Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarma o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollariga oid qator masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralarda munosabatlarning jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi va tomonlarda muayyan sohalardagi hamkorlik ko‘lamini oshirishga qiziqish borligi tasdiqlandi.
Uchrashuvda, shuningdek, ba’zi mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi, uning mintaqaviy aloqalarga jalb qilinishi Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyot uchun muhim sharoit yaratishi ta’kidlandi.
Suhbatda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.