O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inomjon Majidov Termiz davlat universiteti jamoasi bilan uchrashdi
2019-05-01 | Ta’lim
Shu kunlarda Surxondaryoda xizmat safarida bo‘lib turgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari qatorida Termiz davlat universitetiga ham tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib chiqdi.
Dastlab, vazir qurilishi boshlangan 6-talabalar turar joyining loyihasini ko‘zdan kechirdi, bunyod etilishi rejalashtirilayotgan sport inshootlari ob'yektlariga borib, loyiha va ob'yektlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Muassasadagi mavjud talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlar, universitet hududida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishib chiqar ekan, vazir talabalarning mazmunli hordiq chiqarishi, o‘zlari qiziqqan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Inomjon Majidov universitetda Davlatimiz rahbarining beshta muhim tashabbusi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan ham tanishib, o‘z tavsiyalarini berdi.
Universitetning milliy tikuvchilik va kashtachilik amaliy kasb to‘garagi faoliyati bilan tanishish asnosida universitet professor-o‘qituvchilari va talaba qizlari tomonidan tayyorlanayotgan qo‘l mehnati namunalarini e’tirof etdi hamda kelgusida faoliyat turlarini yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tashrif yakunida Inomjon Majidov universitet professor-o‘qiutvchilari bilan uchrashib, oliy ta’lim sifatini oshirish masalasini muhokama qildi, ularning fikrlarini o‘rgandi hamda universitetda o‘quv, ilmiy va innovatsion yo‘nalishlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Jumladan, Hukumat topshirig‘i bilan 2019-2020-o‘quv yilidan universitetda “Dizayn (milliy kostyum)” va “Engil sanoat buyumlari konstruktsiyasini ishlash texnologiyasi (milliy tikuv buyumlari)” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul amalga oshirilishi munosabati bilan chora-tadbirlar belgilab olindi.