O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eron Oliy diniy rahbarining maxsus vakili bilan uchrashuv
2019-05-01 | Siyosat
2019-yilning 1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi Oliy diniy rahbarining maxsus vakili, EIR Tashqi aloqalar bo‘yicha strategik kengashi raisi Kamol Xarroziy bilan uchrashdi.
Suhbatda O‘zbekiston – Eron kun tartibidagi masalalar hamda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik qilishga o‘zaro qiziqish mavjudligi tasdiqlandi.
BMT, ShHT, IHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Eron tomoni 2020-yilda IHTning Fan va texnologiyalar bo‘yicha Toshkent shahrida o‘tkaziladigan ikkinchi sammitida o‘zining ishtirok etishini tasdiqladi.
Tomonlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarni va Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazshni qo‘llab-quvvatladi.
Mintaqaviy masalalar bo‘yicha fikr almashish chog‘ida “Mozori-Sharif – Hirot” temir yo‘lini qurish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi, O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon transport koridori to‘g‘risidagi shartnomani to‘laqonli amalga oshirishning mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashda tutadigan muhim ahamiyati qayd etildi.
Uchrashuvda turistik va madaniy-gumanitar almashuvlar ko‘lamini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Eron Elchisi Bahman Og‘oroziy Do‘rmoniy ishtirok etdi.