O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
15-16-may kunlari Toshkentda Internetni boshqarish boʻyicha IV Markaziy Osiyo forumi – CAIGF boʻlib oʻtadi
2019-05-01 | Texnologiyalar
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari Muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda 15- va 16-may kunlari Toshkent shahrida Internetni boshqarish boʻyicha IV Markaziy Osiyo forumi (CAIGF)ni tashkil etadi.
Bu yil forumning asosiy mavzusi Markaziy Osiyoning imkoniyatlarini kengaytirishda Internetni rivojlantirish deb ataladi.
Forumning maqsadi – Markaziy Osiyo mamlakatlarida Internetni boshqarish boʻyicha siyosat masalalarini muhokama qilish borasida ochiq maydon tashkil etish va uni mustahkamlash, shuningdek, global raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda mintaqa mamlakatlarining ishtirokini kengaytirishdan iborat.
CAIGF Markaziy Osiyo mamlakatlarida Internetni boshqarish borasidagi siyosat masalalarini muhokama qilish boʻyicha ochiq maydon hisoblanib, har yili Markaziy Osiyo mamlakatlari, MDH va Yevropadan 200 dan ortiq Internetni boshqarish sohasi, vazirliklar va aloqa maʼmuriyatlari, huquq-tartibot organlari hamda kompaniyalar va tadqiqot markazlari mutaxassislarini birlashtiradi.
Forum doirasida ekspertlar hamjamiyati vakillari Internetni boshqarish borasida global va milliy yondashuvlar, kiberxavfsizlik va oʻta muhim infratuzilmalar muhofazasi, DNS sanoatini taraqqiy ettirish va raqamli infratuzilma sohasidagi tendensiyalarni muhokama qiladi.