O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Adliya vazirligi koʻmagidan manfaatdormiz
2019-05-01 | Jamiyat
Toshkentda 2019 yil 25-27 aprel kunlari oʻtkazilgan “Toshkent huquq bahori” – “Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumida mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga ustuvor ahamiyat berilayotgani va bu jarayon ilgʻor tajribalar asosida takomillashtirilayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu Xalqaro forumga dunyoning 40 davlatidan delegatsiyalar tashrif buyurdi. AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya singari mamlakatlardan ekspertlar, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Shri-lanka, Belarus, Ozarbayjon, Afgʻoniston kabi davlatlarning adliya vazirlari va vazir oʻrinbosarlari, qonun chiqaruvchi organlari vakillari, dunyoning yetakchi arbitraj markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumda ishtirok etish uchun kelgan Afgʻoniston Islom Respublikasi adliya vaziri Abdul Basir Anvar OʻzA muxbiriga intervyu berdi.
–Janob vazir, avvalo, “Toshkent huquq bahori” xalqaro yuridik forumi haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
- Bismilohir rahmoni rahim. Avvalo, barcha tashkilotchilarga tashakkur aytmoqchiman. Bu anjuman juda muhim tadbir boʻldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuristlar, mutaxassislar ishtirok etdi. Forumda yuridik sohada Oʻzbekistonda va dunyoda amalga oshirilayotgan ishlar, joriy etilayotgan xizmatlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ushbu sohada qoʻllanilayotgan eng ilgʻor tendensiyalar kabi masalalar keng muhokama qilindi. Juda koʻp mamlakatlardan kelgan soha vakillari va mutaxassislar fikrini eshitdik. Tadbirda qatnashganimdan behad mamnunman. Oʻzbekiston rahbariyatiga mana shunday tadbirni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman. Men juda koʻp tadbir va forumlarda ishtirok etganman. Jumladan, Sankt-Peturburg va Istambulda oʻtkazilgan tadbirlarda qatnashdim. Mazkur anjumanlarda ham muhim masalalar muhokama etildi, biroq Oʻzbekistonda oʻtkazilgan tadbir amaliy natijalarga boy boʻldi.
–Oʻzbekistonga safaringiz davomida nima sizda katta taassurot qoldirdi?
-Toshkent shahrida 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar adliya vazirlarining beshinchi majlisi boʻlib oʻtgan edi. Oʻsha tadbir doirasida Samarqand shahriga tashrif buyurib, diqqatga sazovor joylarni tomosha qildik. Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorat qildik. Buxoroi sharifda boʻldik. Toʻgʻrisini aytsam, islom dini tarixini Buxoroda koʻrdim. Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Oʻzbekiston rahbariyati aziz-avliyolar, ulugʻ zotlar yotgan qadamjolarni obod qilishga alohida eʼtibor qaratgan. Bu juda ulugʻ va savobli ishdir. Bu ezgu ishlar Oʻzbekistonda tinchlik, farovonlikni taʼminlashda oʻziga xos muhim ahamiyat kasb etadi. Bu galgi tashrifda ham Oʻzbekistonning mehmondoʻstligini yana bir bor koʻrdim. Adliya vazirligi vakillari biz bilan birga Termizdan Toshkentgacha yurdi. Biz istagan joyga kirib tomosha qildik. Termiz, Buxoro, Samarqandda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari tahsinga sazovor. Hamkorlik borasida ham koʻplab ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
–Ikki davlat rahbarlarining sayʼ-harakati bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. Adliya vazirliklari oʻrtasidagi munosabatlar ham yildan-yilga mustahkamlanmoqda. Kelgusida ikki mamlakat adliya vazirliklari oʻrtasida qaysi yoʻnalishlarda hamkorlik qilinadi?
-Keyingi ikki yildan koʻproq vaqt davomida Oʻzbekiston – Afgʻoniston hamkorligini rivojlantirishda izchil oʻsishga erishildi. 2017 yilda mamlakatlarimizning doʻstona munosabatlari tomonlar hamkorligi uchun yangi istiqbol eshiklarini ochdi. Davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari birgalikdagi hamkorlikka yangi surʼat bagʻishladi. Prezidentlar doʻstona, samimiy va oʻzaro ishonchga asoslangan muloqotni yoʻlga qoʻyishga erishdi. Oʻtgan yil dekabr oyida Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining Oʻzbekistonga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Doʻstlik, birodarlik asosida amalga oshirilayotgan bu munosabatlar kegusida yanada mustahkamlanishiga ishonaman. Jumladan, sud-huquq tizimini rivojlantirishda oʻzaro tajriba almashish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishdan manfaatdormiz. Afgʻoniston va Oʻzbekistonning oʻxshash tomonlari koʻp. Shulardan biri - har ikkisining koʻp millatli davlatlar ekanidadir. Afgʻonistonda ham Oʻzbekistondagi kabi tojik, oʻzbek, qirgʻiz kabi koʻplab millat vakillari yashaydi. Ularning emin-erkin yashashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Afgʻonistonda ham qonun barchaga barobar. Tub millat, oʻzga millat degan qarashlar yoʻq. Barcha millat vakillari bahamjihat umrguzaronlik qilmoqda. Afgʻoniston Adliya vazirligi xodimlarining Oʻzbekiston Adliya vazirligi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda qatnashishi juda muhim. Zero, bugungi kunda qonunchilik va huquq yoʻnalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish darkor. Bu barcha mamlakatlar uchun muhim hisoblangan qonun ustuvorligini taʼminlash, jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini, tadbirkorlik subyektlari va xorijiy sarmoyadorlar faoliyatini ishonchli himoya qilishda muhim omil boʻladi.
OʻzA muxbiri A.Gʻafforov suhbatlashdi