Jizzax viloyat hokimligiga O‘zbekiston-Xitoy savdo uyushmasi raisi Chang King xonim bilan viloyatda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tashrifi uyushtirildi.
Chang King xonimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, viloyat hokimi Ergash Saliyev hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Chang xonim Xitoy investitsiyasini jalb etish orqali davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Toshkent-Samarqand pullik magistral yo‘lini qurish hamda “Djizzax siti” qurilishiga investitsiya jalb etish istagini bildirdi hamda ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif tayyorlashini ma’lum qildi.
Muzokaralar jarayonida Chang xonim o‘z hisobidan viloyat mas’ullari hamda mahalliy tadbirkorlarni joriy yilning 10 mayida Chjenchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan elektron tijorat bo‘yicha yirik investitsion forumga qatnashishga va u yerda viloyatning salohiyatini ko‘rsatib investorlarni jalb etishga amaliy yordam ko‘rsatishini bildirdi.
Shu bilan birga, xitoylik investor hududning eksport salohiyatini oshirish maqsadida har yili Shanxay shahrida bo‘lib o‘tadigan yirik xalqaro import-eksport ko‘rgazmasida (“China International Import Expo 2019”) mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘zlarining mahsulotlari bilan qatnashishlari tashkil etishini aytib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida bugungi kunda “BMB treyd grup” MChJ bilan hamkorlikda Shanxay shahrida o‘zbek-xitoy savdo uyini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.