O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buyurtmachilarning mas’uliyati yanada oshiriladi
2019-04-30 | Jamiyat
2019 yil 29 aprel kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi oldida turgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda vazirlik rahbariyati, boshqarma boshliqlari va mutaxassislari, yetakchi loyihalashtirish tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda davlatimiz rahbari va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qurilish sohasini isloh etish borasida qabul qilingan farmon va qarorlar mazmun-mohiyati, ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar kontseptsiyasida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish masalasiga bugungi kunda alohida e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimizda arxitektura-qurilish sohasini boshqarishning shaharsozlik faoliyatiga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish imkonini beruvchi zamonaviy tizimni yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida 2018 yil 2 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu hujjatlarda arxitektura-qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirishga oid ko‘plab vazifalar belgilab berilgan bo‘lib, ularga muvofiq, bugungi kunda mamlakatimizda qurilish sohasini tubdan isloh etish borasida ko‘plab yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 noyabrdagi «Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq milliy qurilish normalari va qoidalarini qayta ishlab chiqish hamda takomillashtirish, shuningdek, qurilishga oid xorijiy normativ-texnik hujjatlarga moslashtirish bo‘yicha 2019 yilda 120 ta me’yoriy hujjat qayta ishlanishi rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblar ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar, loyiha tashkilotlari hamda pudrat tashkilotlarining takliflari asosida 2019 yil uchun 120 ta shaharsozlik norma va qoidalari ro‘yxati shakllantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi «2018-2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta’minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Dasturga asosan 2018-2022 yillarda jami 193 ta shaharsozlik hujjati (23 ta shahar, 115 ta shahar posyolkasi hamda 55 ta qishloq (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarining arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish (APOT) loyihalarini) ishlab chiqish belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar Qurilish bosh boshqarmalari buyurtmachiligida ushbu dastur va topshiriqlar asosida 2018 yilda jami 83 ta shaharsozlik hujjati (8 ta shaharning va 30 ta shahar posyolkasining bosh rejalari hamda 45 ta qishloq (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarining arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish (APOT) loyihalarini) to‘liq ishlab chiqilishiga erishildi.
Qurilish vazirligi huzuridagi «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» davlat unitar korxonasi va uning filiallari tomonidan 2018 yilda jami 38 080 ta ob'yektning loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ko‘rib chiqilib, ekspertiza xulosalari berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «2018 yildagi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi va 2018 yil 2 iyuldagi «2018 yilda maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash manzilli dasturi to‘g‘risida»gi qarorlari hamda boshqa dasturlari ijrosi bo‘yicha hududlar, vazirlik va idoralar buyurtmachi bo‘lgan qurilishi, rekonstruktsiyasi va kapital ta’mirlanishi rejalashtirilgan ob'yektlarning loyiha-smeta hujjatlari ko‘rib chiqilib, ekspertiza xulosalari berildi.
2019 yil Investitsiya dasturlari va boshqa buyurtmalarga asosan Qurilish vazirligi huzuridagi «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» davlat unitar korxonasi va uning filiallari tomonidan 2019 yil I chorak yakuni bo‘yicha jami 18 099 ta ob'yektning loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ko‘rib chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazildi. Xususan, 1 205 ta ijtimoiy soha, 1 558 ta infratuzilma hamda vazirlik va idoralar takibidagi ob'yektlar, 14 620 ta qishloq joylardagi arzon uy-joylar va respublikaning shaharlarida 335 ta ko‘p xonadonli (ko‘p qavatli) arzon uy-joylari va boshqa 381 ta yakka tartibdagi murakkab toifadagi ob'yektlar.
Arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, xorijiy yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Qurilish vazirligi tarkibidagi Toshkent arxitektura-qurilish institutida 18 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 23 ta magistratura mutaxassisligi, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 20 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 14 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Hozirgi kunda Toshkent arxitektura-qurilish instituti qoshidagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida 13 ta yo‘nalishda, Jizzax politexnika institutiga qarashli Arxitektor-loyihachilar va quruvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda mintaqaviy markazida 5 ta yo‘nalishda hamda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida 9 ta yo‘nalishda loyihalash va qurilish sohasi xodimlari o‘z malakalarini oshirmoqda.
Tadbirda aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami uchun quriladigan uy-joylar va ularning sifati, narxlari bo‘yicha ham savollar bo‘ldi.
- 2019 yil Dasturiga muvofiq respublikamiz bo‘yicha jami 351 ta massivda 15 010 ta arzon uy-joy va xonadonlar qurilishi rejalashtirilgan, - dedi qurilish vazirining o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Xoshimov. - Shundan 11 070 tasi uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun, 658 tasi alohida namuna ko‘rsatayotgan faol yoshlar uchun, 1 272 tasi ijtimoiy og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun, shuningdek, 1 050 ta Mudofaa vazirligi, 450 ta Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va 510 tasi Ichki ishlar organlari xodimlari uchun quriladigan uylardir. Ushbu turar joylarning sifat va narx masalasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda namunaviy loyihalar asosida quriladigan uylar sifati va narxi bo‘yicha buyurtmachilarning majburiyatini yanada kuchaytirish masalasi jiddiy ko‘rib chiqilmoqda. 2018 yil qurilgan turar joy ob'yektlari nazorati natijalariga ko‘ra, qurilish ishlarini sifatsiz, qoniqarsiz bajargan pudrat tashkilotlariga nisbatan 58 mlrd so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilgan. Qurilish ishlarida ma’lum tajribaga ega ishchilar xizmatidan foydalanish amaliyotini joriy etish bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilmoqda. Shuni ham alohida ta’kidlash o‘rinliki, joriy yilda qishloq joylarda qurilayotgan turar joylarda energiya samarador va tejamkor qurilish materiallaridan foydalangan holda uylarning energiyasamaradorligini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda. BMTning Taraqqiyot dasturi ko‘magida 5 ta viloyatda qurilayotgan 800 ta uy quyosh panellari bilan jihozlanmoqda. Bu esa ushbu uylardagi isitish tizimi bilan bog‘liq barcha masalalarga yechim bo‘ladi. Bundan tashqari, iqlim sharoiti noqulay bo‘lgan, alohida loyihaviy yechimlar talab qiluvchi hududlar bo‘yicha ham izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, tuprog‘i sho‘r bo‘lgan hududlardagi binolar chidamliligini oshirish bo‘yicha «O‘zGAShKLITI» DUK loyihalashtirish instituti xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan izlanish va o‘rganishlar natijasida qurilish materiallarini sho‘rga chidamliligini oshirish yechimlari o‘rganilib, bugun keng miqyosda qo‘llanishga joriy etilmoqda.
Jurnalistlar yurtimizda ko‘p qavatli binolar qurilishini yanada jonlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha savol bilan ham murojaat etishdi.
- 2019 yil Dasturiga asosan respublikamizda jami 390 ta, xususan 25 ta 5 qavatli, 338 ta 7 qavatli, 35 ta 9 qavatli va 2 ta 16 qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan, - dedi Sh. Xoshimov. - Bugungi kunda ushbu turar joylarda qurilish-montaj ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Qizg‘in muhokama va savol-javoblarga boy bo‘lgan anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha mavzular yuzasidan, shuningdek, «Obod qishloq», «Obod mahalla» va boshqa dasturlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.