O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Termizda innovatsiyalarni joriy etish ishlari davom etmoqda
2019-04-30 | Innovatsiya
29 aprel kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Termiz davlat universitetida Surxondaryo viloyati oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari, olimlar va talabalar bilan uchrashib, vazirlik tomonidan moliyalashtirilayotgan startap, innovatsion, ilmiy-texnik, tajriba-konstruktorlik loyihalar tanlovining mazmun-mohiyati haqida suhbat o‘tkazdi.
- Ilm-fanni moliyalashtirishning bir nechta yo‘nalishi mavjud, bular tayanch moliyalashtirish, maqsadli moliyalashtirish va grantlar, - dedi I. Abdurahmonov. - Hozirda muhtaram Prezidentimiz tomonidan Fanlar akademiyasining qator ilmiy-tadqiqot institutlariga tayanch moliyalashtirish ochib berilgan. Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan, strategik vazifalarning bajarilishiga turtki beruvchi ixtirolarni nazarda tutuvchi maqsadli loyihalarni aniqlash, ularni moliyalashtirish mexanizmi hozirgi kunda ishlab chiqilmoqda. Olimlar tomonidan taqdim etilgan va mutaxassislar tomonidan tijoratlashtirish mumkin, deb topilgan startap, innovatsion, ilmiy-texnik, tajriba-konstruktorlik loyihalarini moliyalashtirish esa hozirgi kunda avj pallada. Olimlarimizdan, xususan Surxondaryo viloyatining ilmiy jamoasidan tanlovlarda va tanlovlar uchun mavzular taklif qilishda faol bo‘lishlarini so‘raymiz.
Innovatsion rivojlanish vaziri o‘z ishchi guruhi bilan birgalikda Termiz shahrida vazirlik tomonidan qurib topshirilgan “Aqlli bekat”larni, o‘quvchilarga kitob o‘qish va bilimlarini oshirishda yaqindan yordam berayotgan avtonom wi-fi tizimi tamoyilida ishlaydigan Q-Box o‘rnatilgan maktablarni, shuningdek o‘simliklar klinikasini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, ayni kunlarda Termiz shahrida qurilayotgan binoda innovatsion markaz barpo etilishiga kelishildi. Mazkur markazda innovatsion loyihalar, startaplarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish hamda tijoratlashtirish ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish va xizmatlarning zamonaviy turlarini yaratish maqsadida viloyatning resurs bazalarini chuqur tadqiq qilish, innovatsion menejmentni rivojlantirish, innovatsiyalar bozorining marketing tadqiqotlarini o‘tkazish zamon talabidir. Shuningdek, innovatsion infratuzilma sub'yektlari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish muhim vazifalardan, deb belgilandi.