O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar innovatsion faolligini oshirishning dolzarb masalalari muhokama etildi
2019-04-29 | Turizm
Joriy yilning 27 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida Harakatlar strategiyasining Ijtimoiy sohani rivojlantirish borasidagi vazifalari ijrosini amalga oshirishga qaratilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiya a’zolari, partiya faollari, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, oliy o‘quv yurtlari akademik, professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar, tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Aqqulov mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlar turizmining o‘rni haqidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi:
- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori turizm sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Prezidentimizning ushbu qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar jamoaviy shartnomalarga rag‘batlantirish chorasi sifatida byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 2018 yilda respublika bo‘ylab 20 mingdan ziyod xodimlar oila a’zolari bilan birgalikda dam olishga yuborildi. “Mikrokredit”, “Asaka” va “O‘zsanoatqurilish” tijorat banklari tomonidan turizm krediti yo‘nalishi ochilib, bugungi kunga qadar 390 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilarga kredit sifatida ajratildi. Qolaversa, bugungi kunda yoshlarni ichki turizmga keng jalb etish maqsadida ko'plab tanlovlar tashkil etilib, ular munosib rag'batlantirilmoqda. Ayni paytda Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasida faoliyat ko'rsatayotgan kadrlarning 70 foizini yoshlar tashkil etmoqda.
Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yoshlar turizmini rivojlantirish, yoshlarning turizm sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan Tourism challenge (Turizm chorlovi) tanlovi e’lon qilindi. Tanlov yakunida 600 ga yaqin sayohatlar amalga oshirilishi, turistlar soni esa 10 mingdan ortiq yoshlarni tashkil etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, yoshlarni turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tanlov yakuni bo‘yicha 3 ta biznes loyihalarni eng kam ish haqining 250 baravarigacha miqdorida moliyalashtirishga qaror qilindi.
Alohida qayd etildiki, O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish borasida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar yaxshi natija bermoqda.
Anjuman o‘z ishini yalpi yig‘ilishdan tashqari sho‘’balarda davom ettirdi. Konferentsiya materiallari asosida ekspertlarning yoshlar innovatsion faolligini oshirishga qaratilgan 70 dan ortiq maqolalari jamlangan to‘plam chop etildi.
Anjuman so‘ngida ishtirokchilarning mamlakatimizda yoshlarning innovatsion faolligini oshirish haqidagi xulosa va takliflari qabul qilindi hamda mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborishga kelishib olindi.