Toshkentda davom etayotgan “Toshkent huquq bahori” – “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Jahon bankining davlat sektori bo‘yicha katta mutaxassisi Valid Haydar Malik bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida Valid Haydar Malik qo‘shma loyihani amalga oshirish orqali adliya sohasida hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. U bunday loyihalar Tojikiston, Ozarbayjon, Xorvatiya va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilganini qayd etib, Jahon bankining ushbu yo‘nalishdagi faoliyati, ko‘mak shakllari va uslublari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, uchrashuv chog‘ida tomonlar uzoq istiqbolli va manfaatli hamkorlikning dolzarb va muhim masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuv so‘nggida V.Malik ushbu tashabbus O‘zbekiston tomonida qiziqish uyg‘otsa, uni amaliyotga joriy etishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, “Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumida dunyoning 40 mamlakatidan vakillar, mingdan ortiq ekspertlar ishtirok etmoqda.