O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasini borib ko‘rdi
2019-04-26 | Siyosat
Xitoyda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Prezident Shavkat Mirziyoev 26-aprel kuni O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi yangi binosini ko‘zdan kechirdi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari barcha sohalar, jumladan, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, texnologiyalar, energetika, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda faol rivojlanib bormoqda.
Diplomatik vakolatxonamizning uch qavatli yangi binosi farg‘onalik ustalar ishtirokida milliy bunyodkorlik an’analari va zamonaviy me’morchilik yutuqlari asosida bunyod etilgan. Imorat Pekin shahri markazidagi Chaoyang ishbilarmonlik mavzesida, AQSh, Yaponiya, Malayziya, Singapur kabi davlatlar elchixonalari bilan yonma-yon joylashgan.
Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilish, sifatli konsullik xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Birinchi qavatda muzokaralar, ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan “Samarqand”, “Buxoro”, “Xiva”, “Qo‘qon” zallari joylashgan. Darvozadan kiraverishdagi ayvon xalqimiz an’analari va boy madaniyatini aks ettirgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan tanishar ekan, mazkur dargoh milliy uslubda bezatilganiga mamnuniyat bildirdi hamda u Xitoy tomonining mamlakatimiz bilan hamkorlikka yuksak e’tibori namunasi ekanini ta’kidladi.
Ushbu elchixona xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradigan, turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytiradigan, madaniyatlar bir-birini o‘zaro boyitadigan markaz bo‘ladi. O‘zbekiston va Xitoy hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.