Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining ”Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida bajarilishi boʻyicha hisobotni muhokama qilishga bagʻishlangan majlislari oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida bayon qilingan har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha Bosh vazir va Hukumat aʼzolari amalga oshirilgan ishlar haqida Oliy Majlis palatalari oldida har chorakda hisobot berib borishi taklif qilingan edi.
Shu maqsadda deputatlar tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis oldidagi masʼuliyatini yanada oshirishni koʻzda tutuvchi “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish av qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.
Endilikda Bosh vazir Hukumat aʼzolari bilan birgalikda har chorakda parlament palatalariga Murojaatnomadan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etishi belgilab qoʻyildi. Ushbu yangilik oʻz navbatida Hukumatning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishi barobarida, parlament aʼzolarining islohotlarni amalga oshirish jarayonida faol qatnashishiga xizmat qiladi. Mazkur amaliyotning mamlakatimizda joriy etilishi ilgʻor rivojlangan davlatlar tajribasi ifodasidir.
Qayd etish lozimki, mazkur hisobotga Hukumat tomonidan puxta tayyorgarlik koʻrilgan boʻlib, Qonunchilik palatasiga taqdim etilguniga qadar Vazirlar Mahkamasi rayosatida muhokama qilingan.
Deputatlar Hukumat tomonidan Davlat dasturining ijrosi boʻyicha hisobot davrida sezilarli ishlar amalga oshirilganini qayd etish bilan birga, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan takliflar bildirdi.
Davlat dasturining 63 ta bandi joriy yilning birinchi choragida bajarilishi belgilangan boʻlib, shundan 46 ta band toʻliq ijro etilgan. Shuningdek, 27 band boʻyicha hujjatlar loyihalari masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilib, qabul qilingan 24 band boʻyicha vazifalar ayrim sabablarga koʻra oʻz vaqtida bajarilmagan.
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan majlisda qayd etilganidek, hisobot davrida mamlakatimizda iqtisodiyotning barqaror oʻsish surʼatlari va makroiqtisodiy barqarorlik, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratishga erishilgan. Yalpi ichki mahsulotning oʻsish surʼati 5,3 foizga, xususan, sanoat sohasi 6,8 foizga, xizmatlar koʻrsatish hajmi 11,1 foizga, chakana savdo aylanmasi 5,9 foizga va qishloq xoʻjaligi 2,5 foizga oʻsgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil birinchi choragidagi daromadlari 23 trillion soʻmni, xarajatlari esa 24,1 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 1,6 va 1,7 barobarga oshgan.
Yangi formatda, qizgʻin va konstruktiv ruhda oʻtgan mazkur tadbirda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishida yoʻl qoʻyilgan baʼzi kamchiliklar ham tahlil qilindi. Parlament aʼzolari tomonidan tadbirda bildirilgan takliflar asosida Davlat dasturi ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, sohada olib borilayotgan ishlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatishga kelishib olindi.
Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzolari ham Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini tanqidiy tahlil asosida koʻrib chiqdi. Muhokamalarda deputatlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda baʼzi kamchiliklar aniqlanganini qayd etdi. Jumladan, Davlat dasturining 22-bandida hududlarni obodonlashtirish tizimini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi Prezident qarorini qabul qilish belgilangan boʻlib, amalda ijrosi taʼminlanmagan. Shuningdek, Davlat dasturining 120-bandida belgilangan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida sohaga taalluqli qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi ijrosi ham taʼminlanmagan. Bundan tashqari, avtomobil va ichki yoʻllar qurilishining respublika miqyosidagi qamrovi, taʼmirlanayotgan yoʻllarning sifati, arzon uy-joylar qurilishi, ularning narxi va sifatiga yetarlicha eʼtibor berilmagani deputatlar tomonidan tanqid qilindi.
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan muhokamalarda Davlat dasturida belgilangan aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya masalalariga doir vazifalar ijrosi tahlil etildi. Taʼkidlanganidek, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida 2019 yilda ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini taʼminlash manzilli dasturi tasdiqlandi. Unda 13 mingdan ziyod ayolni ishga joylashtirish belgilangan. Shuningdek, joriy yilda 1,6 ming nafar ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni arzon uy-joylar bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Hozir Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan boshlangʻich badal toʻlovlarini amalga oshirish uchun tijorat banklarida talabgorlarga hisobraqamlari ochilmoqda.
Majlisda deputatlar tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi va infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagani ularga nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilishni kengaytirish, ilgʻor tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya uslublarini joriy qilishga imkon bermayotganini taʼkidladi.
Prezidentimizning 2017 yil 4 apreldagi “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, tibbiyot muassasalari tarkibida umidsiz ogʻir bemorlar uchun Samarqand, Fargʻona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida hududlararo xospis boʻlimlarini tashkil qilish ishlari oxiriga yetkazilmagani qayd etildi.
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʼzolari tomonidan Davlat dasturida belgilangan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasini isloh qilish (31-band), uning tarkibida ”Oʻzbekiston tarixi” kanalini tashkil etish (190-band) boʻyicha belgilangan muddatlar oʻz vaqtidan oʻtib ketgan boʻlishiga qaramay, masʼullar tomonidan tegishli chora-tadbirlar koʻrilmagani tanqid qilindi. Shuningdek, Davlat dasturining 8-bandida hokimiyat vakillik organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan ”Elektron parlament” tizimi loyihalarini amalga oshirish uchun moliyaviy xarajatlar manbalariga oydinlik kiritilmagani sababli hanuzgacha ushbu vazifani yakunlashning imkoni boʻlmayotgani qayd etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining barcha qoʻmitalarida oʻtkazilgan bunday muhokamalar deputatlar tomonidan berilgan savollar asosida qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻldi. Qoʻmitalar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinib, hukumat hisobotini yalpi majlisda koʻrib chiqish takliflari bildirildi.
Abdulaziz Musayev, OʻzA