O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ashita Mittal: O‘zbekiston huquq tizimi takomillashib, yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
2019-04-26 | Jamiyat
Toshkentda davom etayotgan “Toshkent huquq bahori” - “Tashkent Law Spring” - Xalqaro yuridik forumida 37 davlatdan xalqaro ekspertlar, qator davlatlar huquq tizimi yetakchilari bilan bir qatorda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
BMTning narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal O‘zA muxbiri bilan suhbatda shunday dedi:
- O‘zbekistonda ilk bor huquq sohasi bo‘yicha tashkil etilgan bunday keng ko‘lamli forumda ko‘plab davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan ekspertlar bilan bir qatorda ushbu sohada faoliyat olib borayotgan yetakchi mutaxassislar ham jalb etilgani tadbirning nufuzini ko‘rsatib turibdi.
Huquq sohasi - bu bevosita har bir insonning erkinligi, davlatning huquqiy barkamolligini ko‘rsatuvchi va ta’minlovchi muhim sohadir. O‘zbekiston hukumatining ushbu sohaga alohida e’tibor qaratayotganini huquqiy davlatni mustahkamlashga, fuqarolar huquq va manfaatlarini ta’minlashga e’tibor, deb baholash mumkin.
Shu jihatdan tarixan qisqa vaqtda O‘zbekistonda o‘ziga xos milliy huquq tizimi yaratildi. Bu sohada elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgani, sud jarayonlarining onlayn translyatsiyasi, sud protsessini videoyozuvga muhrlash, idora va tashkilotlarga onlayn murojaat qilish kabi yangi amaliyotlar joriy etildiki, bu tizimda ochiqlik, shaffoflikni ta’minlashga ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti sa’y-harakatlarida ham xalq bilan muloqot qilish, muammolarini hal qilishga ustuvor ahamiyat berilayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Huquq tizimi, xususan, adliya, davlat xizmatlari sohalari ham shunga monand harakat qilmoqda.
Forum doirasida tashkil etilgan “Sud ekspertizasi” davra suhbatida ham ishtirok etdim. Unda ushbu sohaning eng yetakchi mutaxassislari jam bo‘lib, tizimni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha fikr almashdi. Zero, bu sohaning mukammallashishi jinoyatlarni fosh etishda muhim o‘rin tutadi. Bu soha axborot asriga mutanosib rivojlanib borayotgani bildirilgan fikrlarda ayon bo‘ldi. Endigi masala eng so‘nggi texnologiyalar joriy etilgan tajribalarni ommalashtirish. O‘ylaymanki, o‘zbekistonlik mutaxassislar ham bugun bu borada oldilariga yangi maqsadlar qo‘ydi.