O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ruslanbek Davletov: Muammolarimizni tan olamiz va ularning yechimlari ustida xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashga tayyormiz
2019-04-26 | Jamiyat
O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Tashkent Law Spring xalqaro yuridik forumi ochilishida so‘zga chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yo‘liga kirgan mamlakatimiz oldida turgan huquqiy muammolar hamda bu boradagi asosiy vazifalarni sanab o‘tdi:
- Bugun O‘zbekiston katta bahorni qarshi olyapti. Tashkent Law Spring - bu yurtimizga kelgan bahor. Forumning ahamiyati shundaki, butun xalqaro jamiyatga ochilyapti O‘zbekiston. Mingdan ortiq ishtirokchi shu maqsadda yig‘ilgan, 40 dan ortiq davlatdan vakillar kelgan. Natija, albatta, biz o‘ylagandan yuqori bo‘ladi. Yurtimiz jadal rivojlanish yo‘lidan ketayotgan bir vaqtda qonun ustuvorligi biz uchun eng muhim masala. O‘ylaymizki, asosiy tadbirdan tashqari, yurtimizning qadimiy shaharlari, buyuk Samarqand Buxoro va Xiva sayohatidan ham yaxshi taassurotlar olasiz.
Hurmatli forum ishtirokchilari! Bugun jamiyatimizni yangilash, uning demokratik asoslarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritar ekanmiz, biz bu jarayonda muammodan xolimiz, degan fikrdan yiroqmiz. Chunki modernizatsiya va transformatsiya jarayoniga xalaqit berayotgan, yillar davomida yechilmasdan kelayotgan turli xil muammolar hozirgi kunda mavjud, huquqiy tahdidlar hanuz saqlanmoqda. Bu haqida biz ochiq-oydin gapirishga, xalqaro hamjamiyat bilan ularning yechimlari ustida ishlashga tayyormiz.
Ruxsat bersangiz, bugungi kunda O‘zbekiston oldida turgan huquqiy vazifalar haqida so‘z yuritsam, va biz ishlaydigan eng ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashsam.
Birinchidan, bu bugungi kundagi qonunlar ijrosidir. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi doirasida 90 ta qonun, 2000 ga yaqin qaror va farmonlar qabul qilingan. Bugungi kunda eng dolzarb masala - bu ularni amalda tatbiq etish.
Ikkinchidan - bu investitsiya sohasi. Investitsiyalarsiz O‘zbekiston rivojlanmasligini tan olamiz. Buning uchun esa muhit yaratish kerak. Bunda yuristlarga katta mas’uliyat yuklanadi. Qabul qilinayotgan qarorlar barqarorligi, kelayotgan investor uni nima kutayotganini bilishi va har qanday davlat organining bu maqsadda birlashishi maqsadga muvofiq. Yuz berayotgan o‘zgarishlarga hamma guvoh: moliya-bank, soliq siyosati sohasida, raqamlashtirish bo‘yicha 2030 yilgacha davlat dasturi ishlab chiqildi, hattoki yerni xususiylashtirish birinchi marta qonuniy asosga ega bo‘ladi. Bu jarayonni sekinlashtirib bo‘lmaydi. Bugun muhit yaratsak, ertaga bizga investor keladi.
Uchinchi yo‘nalish - bu mulk huquqi. Mulk huquqini qadriyat sifatida qadrlash kerak. Shuning uchun ham uning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha chora qabul qilish juda muhim masala.
To‘rtinchi masala - mehnat qonunchiligini liberallashtirish. Chunki bizning Mehnat kodeksimiz o‘sha sobiq Ittifoq davrida shakllangan kontseptsiya asosida bugungi kungacha saqlanib qolgan. Unda esa xususiy sektorga xos bo‘lgan moslashuvchanlik printsipi yetishmaydi.
Beshinchisi - fuqarolik qonunchiligi. Operativ va xo‘jalik boshqaruvi degan jihatlarni kontseptual tomondan o‘rganish lozim.
Oltinchisi - qishloq xo‘jaligi. Bu sohaga ham zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini tatbiq qilish lozim. Bizga klaster degan institut kirib keldi. Bularning hammasini huquqiy tomondan tartibga solish muhim masala bo‘lib qolmoqda.
Shu jumladan, sud-huquq tizimini takomillashtirish ham alohida ahamiyat kasb etadi. Biz bu borada ko‘makchi bo‘lib qolamiz. Bundan tashqari, tobora shiddat bilan rivojlanib kelayotgan internetdagi munosabatlarni tartibga solish (blokcheyn) bo‘yicha ilk izlanishlarni boshladik. Qolaversa, biz hozirdanoq o‘zimizga 15 yildan keyin O‘zbekiston huquq nuqtai nazaridan qanaqa bo‘lishi kerakligi haqidagi savollarni berishimiz kerak.