O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yengil atletikachilarimiz Osiyo chempionatini bronza medali bilan yakunladi
2019-04-25 | Sport
Kecha Qatarning Doha shahrida tashkil etilgan yengil atletika bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati bahslari yakunlandi.
Musobaqaning so‘nggi kunida uch nafar hamyurtimiz qit’a chempionligi uchun bahslarga kirishdi. Jumladan, bosqon uloqtirish bahslarida ishtirok etgan terma jamoamiz a’zosi Suhrob Xo‘jaev finalda 72 metru 85 santimetr natijani qayd etdi. Bu ko‘rsatkich unga Osiyo chempionatining bronza medalini taqdim etdi.
Ushbu yo‘nalishda oltin medalni tojikistonlik Dilshod Nazarov qo‘lga kiritdi. U 76,14 metr natija ko‘rsatdi. Kumush medal esa 73 metru 27 santimetr natija qayd etgan qatarlik Ashraf Elsayfiyga nasib qildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu sportchilar o‘tgan yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida ham g‘oliblik uchun bellashgan, o‘shanda 1-o‘rin qatarlik sportchiga nasib etgan, Dilshod Nazarov hamda Suhrob Xo‘jaev mos ravishda 2-3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Afsuski kechagi musobaqalarda Nigina Sharipova (200 metrga yugurish) hamda Nikita Loginov (uzunlikka sakrash) bahslarida sovrindorlar safidan joy olisholmadi.
Shu tariqa ushbu Osiyo chempionatida sportchilarimizdan Ruslan Qurbonov (uch xatlab sakrash), Nadiya Dusanova (balandlikka sakrash), Yekaterina Voronina (yetti kurash) oltin, Svetlana Radzivil (balandlikka sakrash) hamda Suhrob Xo‘jaevlar bronza medalini qo‘lga kiritdi.