O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“EXPO-RUSSIA UZBEKISTAN 2019” – biznes aloqalarni kengaytiruvchi platforma

2019-04-25 | Iqtisodiyot

Toshkentda 24 aprel kuni "Expo-Russia Uzbekistan 2019" ikkinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Rossiya eksport markazi, "Zarubej-Ekspo" aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etildi. 
 
Ko‘rgazma ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov mamlakatimizda sanoatni modernizatsiya qilish, mahalliy tadbirkorlar va chet ellik sarmoyadorlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bunda "Expo-Russia Uzbekistan 2019" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
 
Mamlakatimizda "Expo-Russia Uzbekistan" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ilk bor 2018 yilning aprel oyida tashkil etilgandi. Unda O‘zbekiston va Rossiyaning energetika, mashinasozlik, metallurgiya, qurilish, transport-logistika, telekommunikatsiya va aloqa, kimyo, agrosanoat majmuasi mahsulotlari, xalq iste’moli tovarlari, oziq-ovqat, tibbiyot, farmasevtika, qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanadigan 200 dan ziyod kompaniyasi ishtirok etgan edi. Bu galgi ko‘rgazmada 400 dan ziyod kompaniya qatnashgani o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan har ikki tomon birdek manfaatdor ekanidan dalolat.
 
Ko‘rgazmaning maxsus pavilonlarida neft-gaz sohasida qayta ishlash, tashish va saqlash, infratuzilma ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash, tog‘-kon sanoati uchun zamonaviy texnologiyalar, metallurgiya, mashinasozlik, energetika, qurilish tarmoqlariga mo‘ljallangan uskunalar namoyish etilmoqda.
 
– Ushbu pavilonlar o‘zaro tajriba almashish uchun platforma vazifasini o‘tamoqda, – deydi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bosh mexanigi Hamidulla Mirzajonov. – Odatda neft quvurlarida asosiy xomashyoga tegishli bo‘lmagan unsurlar qoldig‘i yig‘ilib qoladi. Ko‘rgazma doirasida Rossiyaning “Interstroy” kompaniyasi ushbu muammoga samarali yechim sifatida o‘z ishlanmalarini taqdim etgan. Bu neft mahsulotlarini quvurlarda uzatish va tashish chog‘ida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlar va faoliyatga salbiy ta’sirning oldini oladi.
 
Ko‘rgazmada “Pyur Prodakshn” kompaniyasi o‘zining kosmetika mahsulotlarini alohida stendda taqdim etgan. Bu yerda “AIS” savdo belgisi ostida “Halol” standarti mahsulotlari namoyish etilmoqda.
 
“Pyur Prodakshn” kompaniyasi boshqaruvchisi Aleksandr Leshenkoning qayd etishicha, bu kabi mahsulotlar Qozog‘iston, Singapur, Ozarbayjon kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Kompaniya ushbu ko‘rgazmadagi ishtiroki orqali o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish istagida.
 
– Ko‘rgazma doirasida “Dalximfarm”, “Dalenergomash”, “Uayt Soft” kabi kompaniyalarimiz o‘z mahsulotlari, xizmatlarini taklif etmoqda, – deydi Xabarovsk o‘lkasini iqtisodiy rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Maksim Tarasov. – Bugungi tadbir doirasida mahalliy ishbilarmonlar bilan hamkorlik bo‘yicha samarali kelishuvlarga qo‘l qo‘ydik.
 
"Expo-Russia Uzbekistan 2019" tadbirlarida "Rossiyada ishlab chiqarilgan" brendi ostidagi innovatsion ishlanmalar ham namoyishga qo‘yilgan.
 
Ko‘rgazma O‘zbekiston sanoatining turli tarmoqlari uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash, farmasevtika sohasi va tibbiyot sanoati, agrosanoat majmualari bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hamkorligini rivojlantirish yuzasidan muzokaralar olib borishda muhim ahamiyatga ega.
 

Malohat Husanova, O‘zA

Поделиться